Daryo

Tailand va Kambodja tinchlik kelishuvini imzoladi

Ikki davlat oʻrtasida yoz oyida qurolli toʻqnashuv yuz bergandi, oʻshanda 35 kishi halok boʻlgan. Tramp boshchiligida erishilgan kelishuv shartlari e’lon qilindi.

2 daqiqa o‘qish2 144 ko‘rishlar0 izoh1

Tailand va Kambodja bosh vazirlari Anutin Charnvirakul hamda Xun Manet Malayziyada bo‘lib o‘tgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida mamlakatlar o‘rtasidagi chegara mojarosini tugatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. 

Deklaratsiyani imzolash AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida sodir bo‘ldi. U mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga yordam bergandi. Tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish majburiyatini oldi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Tailand 18 nafar harbiy asirni ozod qiladi, Kambodja esa chegaradan og‘ir artilleriyani olib chiqishni boshlaydi. Malayziyalik kuzatuvchilar o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qiladi.

Xun kelishuv imzolanishini “tarixiy kun” deb atadi, Charnvirakul esa bu “mustahkam tinchlik uchun poydevor” yaratishini aytdi.

“Biz ko‘pchilik qilish mumkin emas deb aytgan ishni qildik”, deb ta’kidladi Tramp va urushlarni to‘xtatishni yaxshi ko‘rishini qo‘shimcha qildi.

Tailand va Kambodja o‘rtasidagi qurolli mojaro 24-iyul kuni chegaradagi Preaxvixeya va Ta Moan Txom ibodatxonalari atrofidagi hududlarning kimga tegishliligi bo‘yicha uzoq davom etgan bahs tufayli boshlandi. To‘qnashuv besh kun davom etdi, kamida 35 kishi halok bo‘ldi: Tailand tomonidan 22 kishi va Kambodja tomonidan 13 kishi. Vaziyatga AQSH prezidenti aralashdi. Malayziya kelishuvda vositachilik rolini o‘z zimmasiga oldi, shundan so‘ng tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.

Marosim Trampning Osiyo bo‘ylab turnesi doirasidagi ilk tadbiri bo‘ldi. Shuningdek, u Kambodja bilan savdo shartnomasini va Tailand bilan muhim minerallar to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, Bangkok 18,8 milliard dollarga 80 ta Amerika samolyotini sotib olishga rozi bo‘ldi, Pnompen esa aviatsiya sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun Boeing bilan hamkorlik qiladi.

Bundan tashqari, Tramp Malayziya bilan kelishuv tuzdi va uni “katta savdo bitimi” deb atadi. U ushbu mamlakatning kelgusi o‘n yil ichida AQSHga 70 milliard dollar sarmoya kiritish majburiyatini o‘z ichiga oladi. Keyinchalik Tramp Yaponiya, Janubiy Koreyaga tashrif buyurib, Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashmoqchi, undan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishda yordam berishni so‘raydi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar