Suriyaning Daraa shahri Abidin qishlog‘ida 12-dekabr oqshomida to‘y marosimi vaqtida portlash ro‘y berdi, oqibatda 33 kishi jarohatlandi. Bu haqda SANA nashri xabar berdi.
Daraa sog‘liqni saqlash boshqarmasi direktori, doktor Ziyod al-Mahamidning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlar orasida bolalar ham bor. Boshqarma barcha jabrlanganlarning holatini diqqat bilan kuzatib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.
Al-Mahamidning qo‘shimcha qilishicha, shoshilinch choralar rejasi ishga tushirilib, bir muassasada tiqilinch yuzaga kelmasligi uchun bemorlar bir nechta tibbiyot maskanlariga joylashtirilgan.
Qishloq kengashi rahbari Muvaqqaf Mahmudning bayonotiga ko‘ra, noma’lum shaxslar to‘yxona binosiga ikkita granata uloqtirgan, bu esa bir qator mehmonlarning jarohatlanishiga sabab bo‘lgan. Mahmud jarohatlanganlarning ahvoli asosan yengil va o‘rtacha og‘irlikdaligini aytgan. Biroq bir kishi jiddiy jarohat olgani va uning oyog‘i amputatsiya qilingani qo‘shimcha qilingan.
Voqea joyi atrofida Isroil harbiylari ko‘ringan
Qishloq meri Jamol Al-Ibrohimning ma’lumot berishicha, portlashdan so‘ng yaqin atrofdagi Al-Arida qishlog‘ining g‘arbiy qismida uchta harbiy mashinadan iborat Isroil harbiylarining patrul guruhi ko‘ringan. Uning aniqlik kiritishicha, Isroil patrul xizmati hodisa joyiga yaqinlashmagan.








