Isroil harbiylari matbuot kotibi Avichay Adraee Livan janubidagi Tir tumani, Yanuh qishlog‘i aholisini yahudiy armiyasi tez orada hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirdi. Ayni paytda, Livan bosh vaziri mamlakatga keng ko‘lamli hujum uyushtirilishi haqida xabar olganini bildirdi. Bu haqda Al Jazeera va Anadolu nashrlari xabar berdi.
Adraee bayonotida harbiy kuchlar “Hizbulloh” infratuzilmasini nishonga olayotganini aytgan. U qishloqdagi bino xaritasini taqdim etib, yaqin atrofdagi aholi darhol evakuatsiya qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
“Isroil keng ko‘lamli hujumga tayyorlanmoqda”
Livan Tashqi ishlar vaziri Yusuf Rajiy Isroil mamlakatga qarshi keng ko‘lamli hujumlar tayyorlayotgani haqida arab va xalqaro manbalardan xabar olganini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, sulhga qaramay, Isroil Livan hududiga zarbalar berishda davom etmoqda va ushbu hujumlarni to‘xtatish uchun faol diplomatik sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Rajiy Isroil hujumlari “Sulhni kuzatish qo‘mitasi” homiyligida olib borilayotgan muzokaralarga parallel ravishda davom etayotganini qayd etgan.
“Biz arab va xalqaro manbalardan Isroil Livanga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyaga tayyorlayotgani haqida ogohlantirishlar oldik”, degan u.
Vazir Livan armiyasi yil oxirigacha mamlakatning janubiy hududlariga, ya’ni, Litani daryosidan janubga to‘liq joylashtirilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, bu muddat ichida “Hizbulloh”ning qurolsizlantirilishi amalga oshirilishini aytgan.
“Bu bosqichda biz Isroil bilan tinchlik shartnomasi tuzishdan uzoqmiz”, degan u.
“Hizbulloh qurollari Isroil hujumlarini to‘xtata olmadi”
Qurol monopoliyasi masalasiga to‘xtalar ekan, Rajiy “Hizbulloh”ning qurollari Isroil hujumlarining oldini olishga qodir bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Milliy xavfsizlik manfaatlari uchun hukumat “Hizbulloh” bilan qurolsizlantirish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Ammo guruh hozircha bunga rozi emas. “Hizbulloh” qurollarni topshirishi kerak, degan amaldor.








