Isroil armiyasi 6-noyabr kuni Livanning janubida “Hizbulloh” nishonlariga qarshi havo hujumlarini boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda The Tiimes of Israel xabar berdi.
Bayonotda hujumlar Livanning janubidagi bir nechta hududlarda amalga oshirilgani aytilgan, ammo batafsil ma’lumot berilmagan. Livan mahalliy OAVga ko‘ra, Isroil samolyotlari At-Taybeh va Tir-Debba aholi punktlariga zarba bergan. Bu hududlar Isroil armiyasi avvalroq hujum bilan tahdid qilgan uchta manzil orasida bo‘lgan.
Beyrut hozircha hujum oqibatida talafotlar yoki qurbonlar bo‘lgani haqida ma’lumot bermagan. Mahalliy aholining aytishicha, hujum paytida poytaxt Beyrut osmonida dronlar ovozi eshitilgan.
Aholi evakuatsiya qilindi
Isroil armiyasi tushdan keyin tarqatgan alohida bayonotida “Hizbulloh nishonlariga” zarba berilishi bilan yana bir bor ogohlantirib, At-Taybeh, Tir-Debba va Ayta-Jabal aholisini hududni tark etishga chaqirgan. Shu bois ko‘plab livanliklar o‘z uylarini shoshilinch tark etishga majbur bo‘lgan.
“Hizbulloh” muzokaralardan bosh tortdi
Hujumlar fonida “Hizbulloh” harakati Isroil bilan siyosiy muzokaralarga kirishish takliflarini qat’iyan rad etgan. Harakat bu muzokaralar milliy manfaatlarga zid ekanini bildirgan. AFP agentligining yozishicha, AQSH va Misr Livanni Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishishga chaqirgan edi. Biroq “Hizbulloh” bunga javoban shunday degan:
“Biz mamlakatimizga qarshi urush boshlagan va hujumlarini to‘xtatmayotgan dushmanga qarshi o‘zimizni himoya qilish huquqimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”.
Isroil va Livan hali ham urush holatida. Tomonlar o‘zaro bevosita muloqot qilmaydi — faqat BMT, AQSH va Fransiya vositachiligidagi nazorat mexanizmi orqali aloqa o‘rnatilgan.








