Daryo

Myanmadagi kasalxonaga aviazarba berildi, kamida 30 kishi halok bo‘ldi (video)

Harbiy samolyot obyektga bombalar tashladi, aviahujum oqibatida 70 dan ortiq odam jarohatlandi.

1 daqiqa o‘qish5 332 ko‘rishlar0 izoh1

Myanmadagi yirik shifoxonaga hukmron xunta tomonidan havo hujumi uyushtirilishi oqibatida kamida 30 kishi, jumladan, bemorlar halok bo‘ldi. Bu haqda isyonchi guruh vakiliga tayanib Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, aviahujum Raxayn shtatida sodir bo‘lgan, 70 dan ortiq odam jarohatlangan. Kasalxonaga 10-dekabr kuni kechqurun harbiy samolyot bombalar tashlagan. Ma’lumotni Myanmaning bir qismida hukmron xunta bilan jang qilayotgan Arakan armiyasi vakili Xine Tu Xa tasdiqladi.

“Mrauk U shahridagi umumiy kasalxona butunlay vayron bo‘ldi. Obyektga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berilgani uchun qurbonlar soni ko‘p bo‘ldi”, dedi u.

​

Myanma 2021-yilda Nobel mukofoti sovrindori Aung San Suu Chi hukumatini ag‘darib tashlagan harbiy to‘ntarishdan so‘ng qo‘zg‘olon va notinchlik qurshovida qoldi. 300 o‘rinli shifoxona hujum vaqtida bemorlar bilan to‘lib-toshgan edi. Raxaynning katta qismida urush tufayli tibbiy xizmatlar to‘xtab qolgan.

  • Xarobaga aylangan kasalxona

11-dekabr kuni ertalab inshoot butunlay vayronaga aylangan: tomi qulagan, ustunlari va to‘sinlari singan, qurbonlarning jasadlari yerlarda yotgan. Omon qolgan bemorlar esa xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Myanmada havo kuchlariga ega yagona tomon — xunta hisoblanadi. Ular so‘nggi yillarda isyonchilar nazoratidagi hududlarga havo zarbalarini ko‘paytirgan. 2025-yilning yanvar oyidan noyabr oxirigacha xunta 2165 ta havo hujumi uyushtirgan.

Butun 2024-yil davomida esa 1716 ta shunday hodisa qayd etilgan. To‘ntarishdan keyin shakllangan qarshilik guruhlari Arakan armiyasi kabi yirik etnik harakatlar bilan birlashib, harbiylarga bir nechta frontlarda qarshilik ko‘rsatmoqda.

2023-yilda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bekor qilinganidan beri Arakan armiyasi Raxaynning 17 ta shaharchasidan 14 tasidan harbiylarni siqib chiqarib, Belgiyadan kattaroq hududni nazorat ostiga oldi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar