Kambodja Tailandni xalqaro ishonchni buzishda, xususan diplomatiya o‘rniga qurolni tanlashda aybladi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Kambodja Milliy Assambleyasi Tashqi ishlar, xalqaro hamkorlik va axborot qo‘mitasi rahbari Suos Yara Tailandni bahsli hududga hujumlar uyushtirishda ayblab, mamlakat xalqaro huquqni hurmat qilmayotganini ta’kidladi.
Ikki qo‘shni davlar o‘rtasida 8-dekabr kuni boshlangan to‘qnashuvlar oqibatida kamida uch nafar Tailand askari va yetti nafar Kambodja fuqarosi halok bo‘lgan. Tomonlar hodisa chegarada qurolli to‘qnashuv kelib chiqishida bir-birini ayblagan. Xususan, ikki davlat ushbu haftadagi zo‘ravonlik qanday boshlangani haqida qarama-qarshi izohlarni taqdim etmoqda:
Tailand da’vosi: Tailand armiyasi 8-dekabr kuni taxminan soat 03:00 da Kambodja o‘t ochganini da’vo qilmoqda. Tailand Harbiy-havo kuchlari havo hujumlari tinch aholiga emas, balki qurol-aslaha omborlari, qo‘mondonlik markazlari va logistika yo‘llariga qaratilganini bildirgan.
Kambodja da’vosi: Kambodja Tailandni tajovuzkor sifatida ayblab, Tailand kuchlari taxminan soat 05:04 da hujum boshlaganini bildirgan. Ular bu hujum Tailand kuchlarining bir necha kunlik ko‘p sonli provokatsion harakatlaridan keyin sodir bo‘lganini aytgan.
Har ikki tomon tinchlikka sodiq ekanini bildirganiga qaramay, ziddiyatni darhol to‘xtatishga tayyor emas. Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakul muzokarani istisno qilib, harbiy kuchlarning bajarishi kerak bo‘lgan missiyasi borligini aytdi.
“Biz hozir to‘xtay olmaymiz. Qurolli kuchlarga rejalashtirilgan operatsiyalarni to‘liq amalga oshirishga va’da berganmiz”, dedi vazir.
Kambodja sobiq bosh vaziri va hozirgi Senat raisi Hun Sen esa havo hujumlariga javoban Tailandga qarshi shiddatli kurash e’lon qilib, dushmanni zaiflashtirish va yo‘q qilish strategiyasini belgilagan.
Ayni paytda, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga va oktyabr oyida Tramp ishtirokida kelishilgan sulhga amal qilishga chaqirmoqda. Prezident Donald Tramp esa ikki davlat rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qilib, mojaroni hal qilishini bildirgan edi.
Asrlar davom etayotgan chegara mojarosi
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi 817 kilometrlik chegara hududi bo‘yicha nizo o‘tgan asr boshidan buyon davom etib keladi. Eng katta tortishuv — Preah Vihear ibodatxonasi atrofidagi yerlar sabab yuzaga kelgan. Bu qadimiy hindu ibodatxonasi ikki mamlakat chegarasidagi qoyada joylashgan bo‘lib, har ikki tomon uchun milliy g‘urur ramzi sanaladi.
1900-yillarda Fransiya (o‘sha paytda Kambodjaning mustamlakachisi) chizgan xaritada ibodatxona Kambodja hududida deb ko‘rsatilgan edi. Tailand o‘sha paytdan beri bu chegarani rad etib keladi.
1962-yilda Xalqaro sud ibodatxona Kambodjaga tegishli, degan qaror chiqargan. Ammo ibodatxona atrofidagi yerlar masalasi hal etilmagan. 2013-yilda sud yana Kambodja foydasiga qo‘shimcha qaror chiqargan, biroq Tailand bu talqinni rad etgan va masala faqat ikki tomonlama muzokaralar orqali hal qilinishi kerakligini ta’kidlagan.








