Rim papasi Lev XIV uzoq yillik Falastin-Isroil mojarosining “yagona yechimi” Falastin davlatini tuzish va tan olish ekanini aytdi. Bu haqda u Turkiyadan Livanga parvoz chog‘ida ma’lum qildi.
27-noyabrda boshlangan Turkiyaga tashrif va 2-dekabrgacha Livanga boʻladigan safar Rim papasi saylanganidan beri amalga oshirayotgan ilk xorijiy tashrifi hisoblanadi.“Hammamiz bilamizki, hozirda Isroil bu qarorni qabul qilmayapti, ammo biz bu yagona to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaymiz. Biz Isroil bilan ham do‘stmiz va ikkala tomon uchun ham adolatli bo‘lgan yechimga yaqinlashishga yordam bera oladigan vositachi bo‘lishga intilamiz”, dedi Lev XIV.
- Vatikan 2015-yilda Falastin davlatini tan olgan
Vatikan 2015-yildayoq Falastinni davlat sifatida rasman tan olgan edi. Bu amaldagi Rim papasining ajdodi bo‘lgan Fransisk taxtga chiqqanidan ikki yil o‘tib sodir bo‘lgan. Vatikan matbuot xizmatiga koʻra, aslida Falastin 2013-yildayoq tan olingan. O‘shanda u BMTda kuzatuvchi maqomini olgan edi.
O‘sha paytda Isroil Tashqi ishlar vazirligi Vatikan qarori Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoniga yordam bermasligini bildirgan.
- Isroil hamon Falastin davlatiga qarshi chiqmoqda
Noyabr oyi o‘rtalarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Falastin davlatini tuzishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qildi. Bungacha u sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlab, bunday qarorga qarshi chiqqan edi. O‘shanda u Fransiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanada rasmiylarining Falastinni tan olganini e’lon qilgan qarorini “sharmandali” deb atagan.








