Dunyoda 2024-yil yakunlariga ko‘ra, 100 ta eng yirik mudofaa kompaniyalarining qurol-yarog‘ va harbiy xizmatlarni sotishdan tushgan daromadi 5,9 foizga o‘sib, rekord darajadagi 679 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) xabar berdi.
Hisobotga koʻra, 2015-yildan beri kompaniyalarning harbiy daromadi 26 foizga oshdi. Bu o‘sishga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hamda Isroilning HAMAS bilan to‘qnashuvlari sabab boʻldi. Global o‘sishga Yevropa va AQSH ishlab chiqaruvchilari asosiy hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, tendensiya barcha mintaqalarda qayd etildi va Rossiya kompaniyalarining reytingdan olgan daromadi sanksiyalarga qaramay ikki xonali sur’atda o‘sdi.
“2024-yili qurol-yarog‘dan olingan global daromad SIPRI kuzatuvlari tarixidagi eng yuqori darajaga yetdi: ishlab chiqaruvchilar yuqori talabdan foydalandi”, deydi harbiy xarajatlar va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish dasturining ilmiy xodimi Lorenso Skaratssato.
Rossiya ichki talab hisobiga eksportdagi yo‘qotishlarni qopladi
Ma’lumot yetishmasligi sababli SIPRI reytingiga so‘nggi uch yil ichida Rossiyaning faqat ikki qurol ishlab chiqaruvchisi kirgan: davlat korporatsiyasi “Rostex” — 7-o‘rin, Birlashgan kema qurish korporatsiyasi (OSK) esa — 41-o‘rinda. 2024-yilda “Rostex” va OSKning eksport kamayishi tufayli ko‘rgan yo‘qotishlari ichki talab hisobiga to‘liq qoplangan.
Ularning umumiy daromadi 23 foizga oshib, 31,2 milliard dollarga yetgan. Shundan “Rostex” daromadi 26 foizga oshib 27,1 milliard dollarni, OSK daromadi esa 6,5 foizga oshib 4,1 milliard dollarni tashkil etdi.
“2022-yilda Ukrainaga hujum boshlanganidan beri Rossiyada qurol ishlab chiqarish, ayniqsa, o‘q-dorilar, zirhli texnikalar, artilleriya tizimlari, raketalar va dronlar ishlab chiqarish yuqori darajada qolmoqda”, deya ta’kidlaydi tahlilchilar.
Germaniya kompaniyalari jahon yetakchilarida
Germaniyaning qurol ishlab chiqaruvchilari 2024-yilda daromadning eng sezilarli o‘sishini ko‘rsatdi — 36 foiz. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Yaponiya oldinda turibdi (40%). To‘rtta nemis kompaniyasi dunyoning eng yirik 100 ta mudofaa ishlab chiqaruvchisi ro‘yxatiga kirdi. Ulardan yetakchisi — Rheinmetall konserni bo‘ldi: harbiy savdolardan olingan 8,2 milliard yevrolik daromad (yillik +47%) uni umumiy ro‘yxatda 20-o‘ringa olib chiqdi.
AQSH yetakchilikni saqlab qolmoqda, Yevropada esa o‘sish kuzatilmoqda
SIPRI reytingiga ko‘ra, qurol ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilikni hanuz AQSH kompaniyalari egallab turibdi. Top-100 ro‘yxatiga 39 ta amerikalik ishlab chiqaruvchi kiradi. Ularning harbiy buyurtmalar bilan bog‘liq daromadi 3,8 foizga oshib, 334 milliard dollarga yetgan — bu reytingdagi barcha kompaniyalar umumiy daromadining yarmiga teng.
AQSHning eng yirik va global bozor yetakchilari: Lockheed Martin Corp, RTX, va Northrop Grumman Corp.
Reytingdagi 26 ta Yevropa kompaniyasi dunyo bo‘yicha umumiy daromadning 22 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 13 foizga oshib, 151 milliard dollarga yetdi va Yevropa ishlab chiqaruvchilariga AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinni ta’minladi. Bunga sezilarli darajada Buyuk Britaniyaning yetti kompaniyasi hissa qo‘shgan — ularning daromadi 6,6 foizga o‘sib, 52,2 milliard dollarga yetgan.
Xitoyda daromadning kamayishi korrupsiya bilan bog‘landi
Qizig‘i shundaki, global darajadagi umumiy o‘sishga qaramay, Osiyo va Okeaniya kompaniyalarining harbiy mahsulotlardan olgan umumiy daromadi 1,2 foizga kamayib, 130 milliard dollarga tushgan. SIPRI izohiga ko‘ra, bu pasayish deyarli to‘liq tarzda Xitoyning sakkizta qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyasida qayd etilgan rekord darajadagi 10 foizlik daromad kamayishi bilan bog‘liq.








