2022-yil fevralidan buyon Rossiya harbiylari 13 ming martadan ortiq xavfli kimyoviy moddalardan foydalangan. Kimyoviy moddalar eng ko‘p marta 2025-yil aprel oyida qo‘llangan bo‘lib, 894 ta holat qayd etilgan. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlarining qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondonligi xabar berdi.
Ukraina Qurolli kuchlarining bayonotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari K-51 va RG-V turidagi gaz granatalari, shuningdek xlorbenzalmalonodinitril va xloratsetofenon moddalarini o‘z ichiga olgan qo‘lbola konteynerlardan foydalanmoqda. Ular dronlar yordamida tashlanib, ukrainalik harbiylarni yashiringan joylarini tark etishga majbur qilish va taktik ustunlikka erishish maqsadini ko‘zlaydi.
Ukraina tomonining ta’kidlashicha, bu moddalar halokatli jangovar zaharlovchi moddalar toifasiga kirmaydi. Bu moddalar ko‘z va nafas yo‘llarini kuchli achishtirishi, ko‘zdan yosh oqishiga, yo‘tal, bo‘g‘ilish, dezorientatsiya va vaqtinchalik jangovar qobiliyatni yo‘qotishga olib kelishi bilan xavfli hisoblanadi.
Rossiyada bu turdagi moddalar ko‘cha tartibsizliklarini bostirishda qo‘llanadi. Shu bilan birga, Rossiya 1993-yilda bunday moddalarni “urush olib borish vositasi sifatida” qo‘llashni taqiqlovchi xalqaro konvensiyani imzolagan va 1997-yil noyabrda ratifikatsiya qilgan.
Avvalroq Ukraina Rossiya hujumlaridan himoyalanish uchun AQSH va Yaqin Sharq mamlakatlaridan THAAD tizimini so‘ramoqchi edi.








