Angliyaning mashhur Sky Sports nashri portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu professional faoliyatida 1000-golini qachon kiritishi mumkinligini taxmin qildi. Tahlilda futbolchining klub, terma jamoa safida gol urish sur’ati hamda uning klub va terma jamoa tarkibida maydonga tushishi mumkin bo‘lgan o‘yinlar soni asos qilib olindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu professional faoliyatidagi 1000-golini 2026-yilning oktyabr oyida uradi. Shuningdek, yil oxirigacha uning hisobida jami 1008 ta gol bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Hozirgi kunga qadar Ronaldu hisobida 948 ta gol bor. Hujumchi 2026-yilgi Jahon chempionati saralash doirasidagi Vengriyaga (2:2) qarshi o‘yinda dubl qayd etib, oradagi farqni qisqartirdi.
Krishtianuning Vengriyaga qarshi kechgan o‘yindagi birinchi goli uning chap oyog‘i bilan urilgan 181-goliga aylandi. Ikkinchi gol esa o‘ng oyog‘i bilan kiritilgan 608-gol bo‘ldi.
Ronaldu bosh bilan ham samarali o‘ynaydi. U 157 ta golini aynan boshi bilan kiritgan. Bu esa umumiy gollarining qariyb 17 foizini tashkil etadi.
Hujumchi gollarini uyda, safarda va neytral maydonlarda deyarli teng taqsimda urgan. Ronaldu mumiy hisobda 178 ta penaltini golga aylantirgan, 135 ta gol esa jarima maydonchasi tashqarisidan kiritilgan. Ular orasida 64 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbasi bilan urilgan.
Musobaqalar kesimida esa eng ko‘p gol La Ligada, ya’ni “Real Madrid” safida to‘qqiz mavsum davomida qayd etilgan (311 ta).
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu faoliyati davomida “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real Madrid” hamda “Yuventus” klublari sharafini himoya qilgan. Hozirda Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubida to‘p tepmoqda. Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida Ikki karra Millatlar Ligasi hamda 2016-yilgi Yevropa chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Hujumchi joriy mavsum “An-Nassr” safida 6 ta uchrashuvda maydinga tushib, 5 ta gol hamda 1 golli uzatma muallifiga aylangan.








