Daryo

Xitoy BMTga Yaponiyadan shikoyat qilib, xat yubordi

Maktub yapon bosh vaziri Sanae Takaichining Tayvan borasidagi bayonoti haqida bo‘lib, unda Tokio Pekin ichki ishlariga aralashayotgani ta’kidlandi.

1 daqiqa o‘qish2 147 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoyning BMTdagi elchisi bosh kotib Antonio Guterrishga Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining Tayvan borasidagi fikrlariga nisbatan Pekinning pozitsiyasini aks ettiruvchi rasmiy xat taqdim etdi. Bu haqda China Daily xabar berdi.

Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Fu Song xatda Takaichining Yaponiya parlamentidagi yaqinda qilgan chiqishlari Tayvan bo‘yicha ochiqdan-ochiq provokatsion bayonotlar ekanini ta’kidladi. O‘shanda Takaichi shunday degan edi:

“Xitoy Tayvanga qarshi harbiy kuch qo‘llasa, bu Yaponiyaning xavfsizligiga tahdid bo‘ladi”.

Song maktubda bu so‘zlarni Tayvandagi ehtimoliy mojaro va Yaponiyaning xavfsizligi o‘rtasida misli ko‘rilmagan aloqa o‘rnatish deb baholadi. Songning yozishicha, agar Yaponiya vaziyatga qurolli aralashishga jur’at etsa, bu tajovuzkor harakat deb baholanadi.

“Xitoy BMT Nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq o‘zini himoya qilish huquqidan qat’iy foydalanadi va o‘z suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini himoya qiladi”, deyiladi Xitoy maktubida.

Songning ta’kidlashicha, 1945-yilda Yaponiya mag‘lubiyatga uchraganidan beri birinchi marta Yaponiya rahbari rasmiy vaziyatda “Tayvan uchun ehtimoliy urush Yaponiya uchun ham urushdir” degan g‘oyani ilgari surmoqda.

Xatda Xitoy Tayvan masalasini Yaponiya bilan diplomatik yo‘llar orqali bir necha bor muhokama qilgani, biroq Tokio tomoni o‘z xato bayonotlaridan voz kechishni istamayotgani qayd etildi. Song maktubda Takaichining bayonotini xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy normalarini qo‘pol ravishda buzish deb atadi.

“Tayvan Xitoyning muqaddas hududidir. Tayvan masalasini qanday hal qilish Xitoy xalqining ishi va hech qanday xorijiy aralashuvga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozgan Song xatda.

Xatda Song Yaponiyani o‘zining tarixiy jinoyatlari ustida chuqur o‘ylashga chaqirdi va Ikkinchi jahon urushida mag‘lub bo‘lgan davlat sifatida u Tayvan masalasidagi siyosiy majburiyatiga qat’iy rioya qilishi, provokatsiyalarni darhol to‘xtatishi va xato bayonotlaridan voz kechishi kerakligini ta’kidladi. Xitoy missiyasi bu xat Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida BMTga a’zo barcha davlatlarga tarqatilishini ma’lum qildi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar