Daryo

JAR sobiq prezidentining qizi afrikaliklarni Ukrainadagi urushga yollashda ayblandi

Duduzile Zuma erkaklarga otasining partiyasida ishlash uchun Rossiyada tansoqchi sifatida o‘qishlarini aytgan. Oqibatda afrikaliklar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan rus tilidagi shartnomalarni imzolagan.

2 daqiqa o‘qish1 864 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiya Ukrainaga qarshi urushga afrikalik erkaklarni jalb qilish uchun janubiy Afrika Respublikasi sobiq prezident Jeykob Zumaning qizi Duduzile Zumadan foydalangan. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, aynan Duduzile Zuma orqali qariyb 20 nafar erkak iyul oyida Rossiyaga jo‘nab ketgan. Bu ma’lumotni yollanma askarlarning qarindoshlari ham tasdiqlagan. Zuma ularga otasining partiyasida ishlash uchun Rossiyada tansoqchi sifatida o‘qishlarini aytgan. Oqibatda ular Rossiya Mudofaa vazirligi bilan rus tilida tuzilgan shartnomalarni imzolagan. Shundan so‘ng erkaklar Ukrainadagi urush hududiga jo‘natilgan va avgust oyidan boshlab oilalari bilan aloqaga chiqmay qo‘ygan.

Duduzile Zuma WhatsApp’dagi yozishmalarda bu erkaklarning ota-onalarini ular frontga yuborilmasligiga ishontirgan. Rossiyaga ketganlardan biri unga yozib, negadir uning va sheriklarining bank kartalari hamda telefonlari olib qo‘yilgani va ular harbiy harakatlar zonasiga jo‘natilayotgani haqida xabar bergan.

“Bu front oldi chizig‘i emas. Ular shunchaki sizni qo‘rqityapti”, deb javob bergan Zuma va agar vatandoshlar frontga jo‘natilsa, “shaxsan” aniqlashga va’da bergan.

6-noyabr kuni Janubiy Afrika Respublikasining amaldagi prezidenti Siril Ramafosa ma’muriyati Donbassda 17 nafar fuqarolari borligini va ular rasmiylardan vatanga qaytarilishni so‘rayotganini aytdi. Ramafosa ularning Ukrainaga qarshi urushga qanday jalb qilingani bo‘yicha tergov o‘tkazishni buyurdi. 

Zumaning qizi avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaparast kampaniyalarda qatnashib, Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlagan, Rossiyada o‘zi va otasining Putin bilan tushgan suratlarini joylashtirgan hamda Ramafosani haqorat qilgan. Hozirda u 2021-yilda Jeykob Zuma sudga hurmatsizlik qilgani uchun qamoqqa olingach yuz bergan tartibsizliklar davrida zo‘ravonlikni qo‘zg‘atishda ayblanib, davlatga xiyonat bo‘yicha sudlanmoqda. O‘sha voqealar oqibatida qariyb 350 kishi halok bo‘lgan.

  • Afrikalik ayollarni dron ishlab chiqarishga yollash

Rossiya Janubiy Afrikadan kelgan ayollarni “Alabuga” dron ishlab chiqaruvchi zavodga ishga yollagani haqida xabarlar tarqalgan. Ularga kasbiy o‘qitish, Janubiy Afrika Respublikasi mezonlariga nisbatan yuqori maosh va lavozimda o‘sish va’da qilingan. Shuningdek, ular harbiy korxonalarda ishlamasligi ta’kidlangan. Yollash jarayoni BRICS Ayollar biznes alyansi va BRICS Talabalar komissiyasi orqali ham amalga oshirilgani aytilmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilinayotgan Rossiyada ishga joylashish imkoniyatlari hech qanday davlat ishtiroki bilan qo‘llab-quvvatlanmaydi. Biz yoshlarni hushyor bo‘lishga chaqiramiz”, deya avgust oyida JAR Xotin-qizlar, yoshlar va nogironlar ishlari vazirligi ogohlantirgan. Mamlakat rasmiylari ushbu holat yuzasidan tergov boshlagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar