Toshkent shahri va Namangan viloyatlarida og‘irligi 30 kilogrammga yaqin bo‘lgan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9-noyabr kuni vazirlik tezkor qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida nazorat ostida yetkazib berish tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. 1978-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining 1973-yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi bilan Toshkent shahrining Yangi hayot tumanida giyohvandlik vositalarini ko‘mib qo‘yilgan joydan olayotgan vaqtlarida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
Natijada mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolari 19 kilo 80 gramm og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarini tanishlari tomonidan tashlab berilgan geolokatsiya orqali olgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan bu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi beshinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Namangan viloyatida 13-noyabr kuni vazirlik tezkor qidiruv departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati va hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor qidiruv tadbirida yillar davomida zanjirga aylanib ulgurgan bir nechta jinoiy guruhdan tashkil topgan jinoiy uyushma a’zolari qo‘lga olindi. Giyohvandlik vositalarini tarqalishi va aylanmasida kuryer vazifasini bajargan 1995-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning jinoiy sherigi 1993-yilda tug‘ilgan shaxslarning noqonuniy faoliyati aniqlangan.
Ular jinoiy til biriktirib, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan dala maydoniga kelib, og‘irligi 10 kilo bo‘lgan gashish giyohvandlik vositalarini olgan vaqtlarida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Holat yuzasidan tezkor qidiruv harakatlari olib borilganda, ushbu giyohvandlik vositalarini ikki nafar rahnamolari bo‘lmish shaxslarning topshirig‘iga asosan, ular tashlab bergan geolokatsiyadan olib kelishganini ma’lum qilgan.
Amalga oshirilgan tezkor kombinatsiyalar natijasida rahnamolardan biri, ya’ni 2001-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Ikkinchisi esa Qirg‘iziston hududida qo‘lga olingan. Tadbir davomida ularning jinoiy sheriklari bo‘lgan navbatdagi zanjir bo‘g‘inidagi shaxslar ham oshkor qilingan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi beshinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga amaldagi jinoyat qonunchiligiga ko‘ra 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Hozirda qolgan jinoiy uyushma a’zolarini qo‘lga olish bo‘yicha tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
19-noyabrda Toshkentda ona-bola narkosavdogarlar qo‘lga olingani xabar berilgandi.








