“Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi “Barselona” tark etgani haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Unga ko‘ra, futbolchi karyerasini “Barselona”da yakunlashni istagan, ammo bu amalga oshmagan.
“Haqiqatan ham, biz yaxshi va murakkab davrlarni boshdan kechirdik, ammo bu uzoq yillik faoliyat uchun tabiiy holat. Hammasi bir teksda ketgan deb bo‘lmaydi, qiyin damlar ham bo‘ladi. Men boshqa klubga o‘tmasdan, Kataloniyada butun faoliyatimni o‘tkazishga tayyor va Yevropada faqat ‘Barselona’da o‘ynashni istardim.
Afsuski, hammasi boshqacha bo‘ldi, lekin birga o‘tkazgan har bir lahzani doimo yodimda saqlayman. Buning uchun minnatdorman. Oradan ko‘p vaqt o‘tdi. Pandemiya tufayli muxlislarsiz klubni tark etishga majbur bo‘ldim.
Albatta, qaytaman. Stadionda oddiy bir muxlis kabi o‘yinlarni tomosha qilaman va klubga dalda beraman. Ehtimol, AQSHda yana bir necha yil qolishim mumkin, ammo biz oilamiz bilan Barselonaga qaytamiz, chunki men har doim aytganimdek, u yer mening joyim, mening uyim. Biz Barselonani juda sog‘indik, shuning uchun albatta qaytamiz”, deya Messining so‘zlarini keltiradi Sport.es nashri.
Ma’lumot uchun, Messi Kataloniya klubida 2003–2021-yillar oralig‘ida to‘p surib, 778 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 672 ta gol va 303 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Lionel “Barselona” bilan 10 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 7 marta Ispaniya Kubogini va 4 marta Chempionlar Ligasi sovrinini qo‘lga kiritgan.
“Barselona” 2021-yilda moliyaviy qiyinchiliklar ortidan Messi bilan yangi shartnoma imzolamadi. Undan keyin hujumchi Parijning “PSJ” klubida ikki yil o‘ynadi. 2023-yildan beri AQSHning “Inter Mayami” jamoasi sharafini himoya qiladi.








