Turkiyaning Istanbul shahrida choyga solingan limon uchun toʻlov talab qilgan kafe jarimaga tortildi. Bu haqda Haberlar xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jarimaga tortilgan kafe Kuzgunchuk tumanida joylashgan. U limon bo‘lagi uchun mijozdan 10 lira (salkam 3 ming soʻm) qo‘shimcha haq olgan. Chek ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, foydalanuvchilar orasida tanqidlarga sabab boʻlgan.
Hokimiyat organlari choralar ko‘rib kafega salkam 38 ming lira (10 million soʻmdan ortiq) jarima solgan. Shuningdek, Turkiya Savdo vazirligi tekshiruvida narx ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi nizomning 12 ta buzilishi aniqlangan.
Bundan tashqari, kafe egasi so‘nggi uch oy ichida sotilgan to‘rt xil ichimlik bo‘yicha cheklarni taqdim etishi shart. Turkiyadagi kafe va restoranlarda odatda limon uchun alohida to‘lov olinmaydi. Ayrim joylarda hatto bir stakan choy mijozlar uchun tekinga tarqatiladi.








