AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlari uchun chiptasi borlarga viza suhbatlari tezlashtirilishini aytdi. Arizachilar olti-sakkiz hafta ichida suhbatga taklif etilishi mumkin. Bu haqda AQSH rahbari FIFA vakillari bilan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Jahon chempionati chiptalari egalari imtiyozli tartibda suhbatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Iloji boricha tezroq ariza topshiring”, dedi Tramp.
Shu bilan birga, AQSH davlat kotibi Marko Rubio tezlashtirilgan jarayon avtomatik kirish huquqini kafolatlamasligini ta’kidladi.
“Chiptangiz viza emas. U AQSHga kirishni kafolatlamaydi. U faqat suhbatga tezroq tayinlanishni ta’minlaydi. Siz baribir boshqalar bilan bir xil tekshiruvdan o‘tasiz. Yagona farq — siz navbatda oldinga surilasiz”, deya tushuntirdi Rubio.
Arizalar oqimini boshqarish uchun Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab 400 dan ortiq qo‘shimcha konsullik xodimlarini jo‘natdi. Ayrim elchixonalar xodimlari soni ikki baravarga oshdi.
“Braziliya va Argentina kabi mamlakatlarda ilgari suhbatga tayinlanish bir yildan ko‘proq vaqt talab etardi. Hozir esa ikki oydan kamroq vaqt ichida bu imkoniyatga ega bo‘lish mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Rubio.
Ma’lumotlarga ko‘ra, JCH chiptalarini allaqachon Qo‘shma Shtatlarda yashamaydigan deyarli bir million kishi sotib olgan. FIFA prezidenti Janni Infantinoning taxminlariga ko‘ra, tadbirga 6-7 milliongacha chipta sotiladi. AQSHga esa butun dunyodan 5 milliondan 10 milliongacha odam tashrif buyuradi.
Tramp chempionatni mamlakat uchun “hayotda bir marta bo‘ladigan imkoniyat” deb atadi. AQSH bungacha 1994-yilda jahon chempionatiga mezbonlik qilgan edi. AQSH, Meksika va Kanada 2026-yil iyun oyida turnirni birgalikda qabul qiladi. Musobaqa ilk bor odatdagi 32 ta emas, 48 ta jamoani o‘z ichiga oladi. Prezident, shuningdek, jahon chempionati ko‘plab amerikalik ishchilar va kompaniyalar uchun g‘oyat muhim iqtisodiy imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi.
“U 30 milliard dollardan ortiq daromad keltirishi kutilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.








