Xitoy hukumati va harbiy tuzilmalari bilan bog‘liq hakerlar Avstraliyaning muhim infratuzilmasiga hujum qilishga urinmoqda. Avstraliya xavfsizlik razvedkasi tashkiloti (ASIO) rahbari Mayk Bergessning aytishicha, bu mamlakat uchun sabotaj xavfini oshiradi.
Bergess so‘nggi yillarda josuslik darajasi misli ko‘rilmagan darajada oshganini aytib, keyingi besh yil ichida kiberhujumlar orqali sabotaj xavfi kuchayishidan ogohlantirgan. ASIO ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Avstraliya va mamlakat ittifoqchilarining suv, transport, aloqa va energetika tizimlariga kirishga harakat qilmoqda. Xususan, Salt Typhoon va Volt Typhoon nomli ikkita haker guruhi AQSH va Avstraliyadagi telekommunikatsiya tarmoqlarini nishonga olgan.
“Bu guruhlar Xitoy hukumati razvedkasi va harbiylariga ishlaydi. Ular nafaqat maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlagan, balki infratuzilmani izdan chiqarish imkonini beruvchi sabotaj xavfini ham tug‘dirmoqda”, degan u Melburnda bo‘lib o‘tgan biznes forumida.
Bergessning ta’kidlashicha, Salt Typhoon asosan josuslik bilan shug‘ullangan — AQSHdagi telekommunikatsiya tarmoqlariga kirishga uringan. Shu bilan birga, ular Avstraliyadagi tarmoqlarni ham tekshirib chiqqan. Volt Typhoon esa, uning so‘zlariga ko‘ra, infratuzilmani buzish uchun tayyorgarlik ko‘rgan va AQSHda muhim tizimlarni zaiflashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
“Avtoritar tuzumlar tobora ko‘proq sabotaj usullariga o‘tmoqda — bu orqali ular qaror qabul qilishni izdan chiqarish, iqtisodiyotga zarar yetkazish va jamiyatda beqarorlik keltirishni maqsad qiladi”, degan Bergess.
Uning fikricha, birgina qisqa muddatli telefon tarmog‘i uzilishlari jamiyatga katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, davlat miqyosida bunday hujum oqibatlari yanada og‘ir bo‘ladi.
“Bir kun ishlamagan tarmoqning o‘zi yetarlicha muammo tug‘dirganini ko‘rdik. Endi tasavvur qiling — agar butun aloqa tarmoqlari ishlamay qolsa-chi? Yoki jaziramada elektr o‘chirilsa? Ichimlik suvi zaharlansa? Moliyaviy tizim ishdan chiqsa?” degan u.
Bergess shuningdek, hakerlar endi faqat davlat ma’lumotlariga emas, balki xususiy kompaniyalar, loyihalar va sarmoyalarga ham e’tibor qaratayotganini aytgan. Ularning maqsadi — tijorat ustunligini qo‘lga kiritish va mijozlar ma’lumotlarini o‘g‘irlash.
ASIO hisob-kitobiga ko‘ra, josuslik Avstraliyaga 2023–2024 yillarda 12,5 milliard Avstraliya dollari zarar keltirgan. Faqatgina bir yilning o‘zida 2 milliard dollarlik savdo siri va intellektual mulk o‘g‘irlangan.
Bergess hakerlarni yuqori darajadagi mutaxassislar deb atab, ularning tarmoqlarga kirib, zaif joylarni aniqlash, tizimlarni xaritalash va yashirincha kirishni saqlab qolish orqali istalgan vaqtda sabotaj amalga oshirish imkoniga ega ekanini bildirgan.








