AQSHning “Inter Mayami” klubi hamda Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi oilasi bilan Barselonaga qaytish istagini bildirdi. Bu haqda Sport.es nashri xabar berdi.
“Biz Barselonani juda sog‘indik. Bolalarim va turmush o‘rtog‘im bilan bu yerda bo‘layotgan voqealar haqida tez-tez gaplashamiz. Biz butun oilamiz bilan yana bu yerda yashashni istaymiz. Barselonada uyimiz, umuman olganda hamma narsamiz bor, balki shuning uchun ham qaytishni xohlarmiz?!”, dedi Messi.
Avvalroq argentinalik futbolchi “Barselona” stadioniga borib, bu yerdan o‘zi xohlagan tarzda keta olmaganini hamda qachondir qaytishini aytgandi.
Ma’lumot uchun, Messi Kataloniya klubida 2003–2021-yillar oralig‘ida to‘p surib, 778 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 672 ta gol va 303 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Lionel “Barselona” bilan 10 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 7 marta Ispaniya Kubogini va 4 marta Chempionlar Ligasi sovrinini qo‘lga kiritgan.
“Barselona” 2021-yilda moliyaviy qiyinchiliklar ortidan Messi bilan yangi shartnoma imzolamadi. Undan keyin hujumchi Parijning “PSJ” klubida ikki yil o‘ynadi. 2023-yildan beri AQSHning “Inter Mayami” jamoasi sharafini himoya qiladi.








