Portugaliyalik mashhur murabbiy Joze Mourinyo Turkiyadan qarzdor bo‘lib ketgani ma’lum bo‘ldi. Yeniçağ Gazetesi nashrining xabar berishicha, u “Fenerbahche” jamoasini boshqargan davrida Istanbuldagi hashamatli Four Seasons mehmonxonasida 15 oy yashagan, biroq bu muddat uchun to‘lovni amalga oshirmagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Mourinyoning yashash xarajati 747 ming yevroni tashkil etadi. Hozircha bu summani kim to‘lashi noma’lumligicha qolmoqda. Shuningdek, portugaliyalik mutaxassis hali ham “Fenerbahche”dan shartnomani muddatidan avval bekor qilgani uchun 15 million yevro kompensatsiya olmagan.
Eslatib o‘tamiz, Mourinyo 29-avgust kuni “Fenerbahche” bosh murabbiyi lavozimidan ketgan edi. U 2024/25-yilgi mavsum boshidan buyon Istanbul klubini boshqargan va yiliga 15 million yevro maosh olgan. Ayni paytda portugaliyalik mutaxassis Lissabonning “Benfika” jamoasini boshqarib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Mourinyo faoliyati davomida “Real Madrid”, “Chelsi”, “Inter”, “Portu”, “Tottenhem” hamda “Roma” kabi top klublarda ishlagan va bir necha yirik sovrinlarni qo‘lga kiritgan.








