Yaqin Sharq dunyoning eng qaynoq nuqtasi. Ammo gap faqat iqlimda emas. Turli dinlarga mansub xalqlar, etnos va millatlar uchun vatan hisoblangan bu mintaqa qadimdan tamaddunlar toʻqnashgan nuqta hisoblanadi. Ayniqsa, Isroil tashkil etilganidan soʻng bu “rangbaranglik” yanada ortdi. Tabiiyki, asosini musulmonlar tashkil etadigan mintaqa yuragida yahudiylar uchun davlat qurish gʻoyasi mahalliy aholi tomonidan keskin norozilik bilan qabul qilindi. Bu hozirgacha tinmayotgan, millionlab insonlarni hayotdan olib ketgan son-sanoqsiz urush va mojarolarga olib keldi.
Biroq “Tinchlik prezidenti” sifatida nom qozonishga urinayotgan Donald Tramp bunda oʻzi uchun imkoniyat koʻrdi. Uning birinchi prezidentlik muddatida, aniqrogʻi 2020-yilning 15-sentyabr kuni Yaqin Sharq siyosatida keskin burilish yuz berdi. Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahrayn Isroil bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatib, Oq uyda Ibrohim kelishuvlariga (Abraham Accords) imzo chekdi. U tomonlar oʻrtasida uzoq yillardan beri davom etgan dushmanona kayfiyatga nuqta qoʻyishi va mintaqaga tinchlik olib kelishiga umid qilingan edi.
Mazkur ikki arab davlatidan soʻng bir necha farq bilan Marokash va Sudan ham Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilib, yahudiy davlati bilan munosabatlarini normallashtirdi. Tomonlar bir-birlarining poytaxtlarida elchixonalar ochib, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻydi. Qolaversa, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va texnologiya kabi sohalarda hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Arab jamiyatlari oʻz hukumatlarining Isroilga nisbatan pozitsiyasidan norozi boʻlsa-da, siyosatchilarni bunday qadam tashlashga qator omillar undadi.
Arab davlatlari, birinchi navbatda, Eronning oshib borayotgan taʼsirida oʻz suvereniteti uchun xavf koʻrib, Isroil bilan yaqinlashish siyosatini tanladi. Chunki bu, oʻz-oʻzidan, Gʻarbga yaqinlashish boʻlib, Qoʻshma Shtatlarning xavfsizlik kafolatlarini mustahkamlar edi.
Bundan tashqari, arab davlatlari Isroil bilan toʻlaqonli munosabatga kirishish orqali manfaat olishni ham istar edi. Boisi yahudiy davlati oʻzining qudratli razvedka tizimi bilan mintaqa poytaxtlariga oʻz rejimlarini mustahkamlashga yordam berishi, Isroilning yuqori texnologiyalarga asoslangan inklyuziv iqtisodi esa moliyaviy manfaat olib kelishi mumkin edi. Kelishuv esa, oʻz navbatida, startaplar, energetika va suv texnologiyalari sohalarida qoʻshma loyihalarga yoʻl ochdi.
Amirliklar misolida oladigan boʻlsak, Ibrohim kelishuvlari imzolanganidan soʻng BAA hamda Isroil savdo munosabatlari keskin rivojlandi. Tomonlar 2021-yil sentyabrdan 2022-yil martgacha boʻlgan 18 oyda 2,5 milliard dollardan ortiq qiymatdagi tovar va xizmatlar “oldi-berdisi”ni amalga oshirdi. Tel-Aviv va Abu-Dabi oʻsha yilning may oyida Keng qamrovli iqtisodiy sheriklik toʻgʻrisida bitimni (CEPA) imzoladi. Natijada oʻzaro savdo hajmi yanada oshib, 2024-yilda 3,1 milliard dollarga yetdi. Ammo bu hammasi emas. Ibrohim kelishuvlari imzolangan 2020-yil sentyabrdan 2023-yilga qadar Birlashgan Arab Amirliklariga qariyb bir million isroillik sayyoh kelgan. Bu mamlakatning taxminan 10 foiz aholisi degani.
Xuddi shunday Bahrayn ham Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirishdan manfaat koʻrdi. Ammo uning foydasi iqtisodiy emas, balki siyosiy aspektda oʻlchanadi. Mamlakat Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilish orqali Gʻarb bilan munosabatlarini mustahkamladi. Bahrayning bunday qadami, ayniqsa, AQSHga manzur keldi. Boisi mamlakatda Qoʻshma Shtatlar harbiy dengiz kuchlarining 5-floti bazasi joylashgan boʻlib, bu Eron va uning taʼsiridagi guruhlarga qarshi xavfsizlik kafolati hisoblanadi. Biroq oʻzaro savdo hajmi atigi bir necha million dollarni tashkil etadi.
Marokashga kelsak, u ham yahudiy davlatini tan olgani uchun mukofotlandi. Donald Tramp maʼmuriyati mamlakatning Gʻarbiy Sahroyi Kabir ustidan suverenitetini rasman tan oldi. Bu poytaxt Robot uchun strategik yutuq boʻlib, Marokashning Shimoliy Afrika va arab dunyosidagi mavqeyini mustahkamladi. Qolaversa, toʻgʻridan toʻgʻri reyslar joriy etilishi natijasida turizm ham rivojlandi. Birgina 2022-yilning oʻzida taxminan 200 ming isroillik sayyoh Marokashga keldi.
Ammo bu hammasi emas. Tomonlar kiberxavfsizlik, uchuvchisiz uchish qurilmalari kabi sohalarda ham hamkorlik qilmoqda. Isroilning urush jinoyatlarida ayblangan Golani brigadasi askarlari 2025-yili Marokashda boʻlib, xalqaro mashgʻulotlarda qatnashdi. Bu haqda Isroil hujumlari sabab Gʻazoda 60 mingdan ortiq falastinlik qurbon boʻlgan edi. Shu bois Marokash arab va musulmon dunyosi boʻylab keskin tanqidlarga uchradi.
Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilib, bundan siyosiy va iqtisodiy manfaat olgan davlatlardan farqli, Sudanning vaziyati murakkab edi. Qoʻshma Shtatlar mamlakatga Isroil bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatishni taklif qilib, evaziga uni “terrorizmni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar” roʻyxatidan chiqarishni taklif qildi. Bu Sudan uchun xalqaro moliyaviy yordam va investitsiyalar jalb qilish yoʻlida asosiy toʻsiqlardan boʻlib turgan edi.
Qolaversa, AQSH Xartumga bevosita yordam va qarzlarni toʻlashda koʻmak vaʼda qilgan. Bu fuqarolar urushlari, davlat toʻntarishlaridan aziyat chekkan mamlakat uchun juda muhim edi. Biroq Sudan ushbu kelishuvdan manfaat koʻrmadi. 2021-yil oktyabrida amalga oshirilgan davlat toʻntarishi hamda 2023-yilning aprel oyida boshlanib, hozirga qadar davom etayotgan fuqarolar urushi barcha iqtisodiy va diplomatik saʼy-harakatlarni toʻxtatib qoʻydi.
Qoʻshma Shtatlar. Qamchi va konfet siyosati
Oʻzining Oq uydagi birinchi muddati yakunlanib borar ekan, Donald Tramp Isroil va arab davlatlarini yarashtirish orqali bundan saylovoldi kampaniyasida foydalanmoqchi edi. Shu bois Oq uy diplomatik saʼy-harakatlarga zoʻr berdi. Mintaqa poytaxtlari goh diplomatik, moliyaviy va harbiy yordam, goh tahdidlar ortidan Vashingtonning taklifiga rozi boʻldi.
Oq uy oʻshanda kelishuv Yaqin Sharqda “yangi xavfsizlik arxitekturasi” shakllantirishi, natijada Isroil va arab davlatlari Eron taʼsiriga qarshi birlashishiga umid qilgan edi. Biroq Falastin masalasi hanuz ochiq qolayotgani uchun kelishuvga hamma ham ijobiy baho beravermaydi. Aksar falastinliklar esa, tabiiyki, mazkur bitimni “ortdan urilgan pichoq” va “xiyonat”, deya baholashadi. Shu bois ayrim ekspertlar Ibrohim kelishuvlariga mintaqaviy tinchlik emas, balki siyosiy va iqtisodiy manfaatlarga xizmat qiladigan bitim sifatida qarashadi.
Arab davlatlarini bunga koʻndirishda Donald Trampning kuyovi Jared Kushner katta rol oʻynadi. U oʻsha vaqtlar Oq uyning Yaqin Sharq boʻyicha maxsus maslahatchisi boʻlib, ushbu jarayonning asosiy arxitektori sifatida xizmat qilgan. Kushner 2019-2020 yillar davomida Isroil, BAA, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar va Iordaniya kabi davlatlarga koʻplab maxfiy tashriflar amalga oshirgan. Uning harakatlari bilan BAA va Isroil oʻrtasidagi yashirin muzokaralar yoʻlga qoʻyilgan, bitim shartlarini ishlab chiqilib, tomonlarning manfaatlari muvofiqlashtirilgan.
Oʻshanda Tramp Ibrohim kelishuvlarini “Asr bitimi” sifatida taʼriflagan boʻlsa ham, uning navbatdagi prezidentlik saylovidagi magʻlubiyatidan soʻng jarayonga eʼtibor susaydi. 7-oktyabr voqealaridan soʻng esa bu mavzu kun tartibidan butunlay tushdi. Boisi Isroilning Gʻazoga hujumlari butun dunyo, xususan Yaqin Sharq boʻylab Isroilga nisbatan salbiy qarashni kuchaytirib yubordi.
Biroq oktyabr boshida tomonlar Donald Tramp taklif etgan tinchlik rejasi boʻyicha oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlgach, Ibrohim kelishuvlarini yangi aʼzolar hisobiga kengaytirish haqida muhokamalar yana kun tartibiga qaytdi. Mazkur platforma aʼzolari yangi, biroq umuman kutilmagan oʻyinchi hisobiga bittaga ortdi.
Qozogʻiston va Ibrohim kelishuvlari
Markaziy Osiyo yetakchilari C5+1 formatining navbatdagi sammiti uchun Qoʻshma Shtatlarga borgan vaqti kutilmagan voqea yuz berdi. Donald Tramp Qozogʻiston Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilishga rozi boʻlganini rasman maʼlum qildi. Eʼtiborlisi, Ostona usiz ham Isroil bilan diplomatik munosabatlarga ega boʻlib, yahudiy davlatini 1992-yili tan olgan. Qolaversa, Tel-Aviv shahrida oʻz elchixonasiga ega.
Shu bois Toʻqayevning mazkur qarori diplomatik doiralar, ayniqsa jamoatchilikni hayron qoldirdi. Biroq baʼzi ekspertlar bu shunchaki ramziy qadam boʻlganini aytib, Ostona Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilish orqali Qoʻshma Shtatlar diqqatini faolroq tortmoqchi boʻlayotganini taʼkidlashgan.
Qozogʻiston qariyb 4 yildan beri oʻz qoʻshnisiga qarshi keng koʻlamli urush olib borayotgan Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega ekanini, qolaversa butun mintaqa boʻylab Xitoyning taʼsiri keskin oshayotganini hisobga olsak, Ostona bu bilan qaysidir maʼnoda muvozanat shakllantirmoqchi boʻlgan, deb taxmin qilish ham mumkin.“Bizning Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilish qarorimiz Qozogʻiston tashqi siyosatining tabiiy va mantiqiy davomidir – bu siyosat muloqot, oʻzaro hurmat va mintaqaviy barqarorlikka asoslangan”, deyiladi Qozogʻiston hukumati tomonidan eʼlon qilingan bayonotda.
Atlantika Kengashi Yevrosiyo Markazi direktori yordamchisi Endryu DʼAnieri Vashingtonda joylashgan tahliliy markaz uchun yozgan maqolasida ushbu farazni dastaklaydi.
Vashingtonda joylashgan Yorktaun Institutining Turon Tadqiqot Markazi direktori Jozef Epshteynning fikricha, bu ramziy harakat boʻlib tuyulsa-da, kelajakda diplomatik ahamiyat kasb etishi mumkin.“Rossiya va Xitoy oʻrtasida qisilgan Qozogʻiston imkon qadar koʻproq sheriklarga ega boʻlishni istaydi, xususan, Qoʻshma Shtatlar va Yevropa bilan faolroq munosabatda boʻlishni xohlaydi”, deya yozgan u.
Biroq ekspertlar orasida Ibrohim kelishuvlarining istiqboliga shubha bilan qaraydiganlar ham yoʻq emas. Ularning fikricha, 7-oktyabr voqealari mintaqani oʻzgartirdi. Isroil va BAA diplomatik munosabatlar oʻrnatishga kelishgan 2020-yili ular uchun asosiy xavf sifatida Eron koʻrilar edi.“Ostonaning Ibrohim kelishuvlariga qoʻshilish qarori yangi bosqichning boshlanishini belgilab beradi. Shuningdek mazkur qadam platformani Yaqin Sharqdagi tinchlik tashabbusi darajasidan bagʻrikenglik va farovonlikka intiluvchi moʻtadil musulmon davlatlarining AQSHga tarafdor koalitsiyasiga aylantiradi”, degan u.
Ammo soʻnggi voqealar, ayniqsa Isroilning Falastin, Livan, Suriya, Yaman, Eron va ,ayniqsa, Qatarga hujumidan soʻng nigohlar gʻarbga, aniqrogʻi yahudiy davlatiga qaratildi. Hatto arab davlatlari Isroilga qarshi NATOga muqobil ittifoq tuzish tashabbusini ham ilgari surdi.
Qolaversa, Gʻazo boʻyicha Donald Tramp ilgari surgan tinchlik kelishuvi ham omonat ahvolda turibdi. Agar u qulab, xunrezliklar yana boshlansa, Isroil bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatish yoki mavjud aloqalarni kengaytirish istagidagi subyektlar soni keskin kamayadi. Chunki eng avtoritar rejimlar ham, bu masalada jamoatchilik fikrini inobatga olishga majbur boʻladi.








