Italiyaning “Napoli” klubi Kevin de Bryuynening jarohati olgani ortidan yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish ishlarini davom ettirmoqda. Avvalroq Italiya chempioni “Manchester Yunayted” futbolchisi Kobbi Maynuga qiziqish bildirayotgani haqida xabar tarqalgandi. Biroq “qizil iblislar” uni qishki transfer oynasi vaqtida qo‘yib yuborishni rejalashtirmayapti.
Fichajes nashrining yozishicha, “Napoli” Maynu o‘rniga “Barselona” yarim himoyachisi Mark Kasadoni transfer qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. A Seriya grandi ispaniyalik futbolchi uchun 30 million yevro taklif etishga tayyor. Kataloniyaliklar ustozi Hansi Flik Kasadoni jamoaning muhim futbolchisi deya atagan bo‘lsa-da, yarim himoyachi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida boshqa jamoaga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.
Shuningdek, ayni paytda “Barselona” moliyaviy qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Shu bois yaxshiroq taklif tushsa, Kasado bilan xayrlashish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Kasado joriy mavsum “Barselona” safida jami 12 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning “Barselona” bilan shartnomasi 2028-yilning yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 30 million yevroga baholamoqda.








