Iroq hukumati 4-noyabr kuni benzin, dizel va kerosin importini to‘xtatish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Mamlakat endilikda ushbu turdagi yonilg‘i turlari bilan o‘zini to‘liq ta’minlay oladi. Bosh vazir Muhammad Shiyo as Sudani mazkur qaror bo‘yicha hujjat imzolagan.
“Neft vazirligi benzin, dizel va kerosin ishlab chiqarishda ichki ehtiyojdan ortiq hajmga erishib, to‘liq o‘zini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi”, degan vazir.
Rasmiylarga ko‘ra, bu qaror Iroqning neft sohasi rivojlanayotganini va mamlakatning xalqaro miqyosdagi rolini mustahkamlashini ko‘rsatadi. Iroq OPEK (Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti)dagi ikkinchi yirik neft ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lib, kuniga 3,6 million barrel neft eksport qiladi.
Neft marketingi bo‘yicha davlat tashkiloti (SOMO) ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilning so‘nggi choragida Iroq 4,4 million tonnadan ortiq neft mahsulotlarini tashqi bozorlarga sotgan. Shundan 4,2 million tonnasi mazutga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning shu davriga nisbatan ancha yuqori.
Mutaxassislar va kemalarni kuzatish ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil oktabr oyida Iroq ichki talab kamaygani va ishlab chiqarish oshgani sababli mazut eksportini ko‘paytirgan. Bunda asosiy xaridorlar Hindiston va Singapur bo‘lgan.








