Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida 30-oktyabr kuni “O‘zbek tilining Afg‘onistondagi o‘rni” nomi ostida marosim bo‘lib o‘tdi. “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri ushbu tadbirda ishtirok etdi va ishtirokchilar bilan suhbatlashdi.
Afg‘onistonning turli hududlaridan kelgan shoir, yozuvchilar va yoshlar Balx provinsiyasi markazi Mozori-Sharifda 21-oktyabr – Oʻzbek tili kunini nishonlashda ishtirok etgan. Ushbu ulkan tadbirda O‘zbekiston konsulligi rasmiylari, Balx provinsiyasi mahalliy rasmiylari, fuqarolik faollari, shoirlar, yozuvchilar va shaharning bir qator fuqarolari ishtirok etgan.
Balx universiteti professori Saloh Muhammad Rasix oʻzbek tilini targ‘ib qilish maqsadida mazkur tilda yozilgan maqolalar va kitoblarni nashr etishni ko‘paytirish kerak ekanini qayd etgan. Rasixga ko‘ra, o‘zbek tili Afg‘onistonning asosiy tillaridan biri bo‘lib, millionlab odamlar aynan shu tilda so‘zlashadi. Professor ushbu tilning milliy kuni va uning madaniyati munosib ravishda nishonlanishi kerakligiga alohida urg‘u bergan.
Tadbirning eng muhim va qiziqarli qismlaridan biri oʻzbek badiiy va madaniy asarlari, jumladan, kitoblar, xattotlik sanʼati, rasmlar, anʼanaviy kiyimlar, qo‘lda to‘qilgan gilamlar va mahalliy taomlar ko‘rgazmasi boʻlgan.








