Daryo

Venesuela prezidenti Rossiyadan zudlik bilan harbiy yordam so‘radi — WP

Maduro Putinga raketalar ta’minoti va boshqa mudofaa ehtiyojlarini qondirishni so‘rab, murojaat qildi. Shu kabi yordam murojaati Xitoy va Eron rahbarlariga ham yetkazildi.

2 daqiqa o‘qish2 002 ko‘rishlar0 izoh9

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga murojaat qilib, zudlik bilan harbiy yordam so‘radi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

Ushbu chaqiriq AQSH Venesuelaga tahdid solayotgan bir paytda yangramoqda. Nashrning xabar qilishicha, Venesuela Rossiyadan mudofaa radarlarini yangilash, harbiy samolyotlarni ta’mirlash va hatto raketalar ta’minotini so‘ragan.

Bundan tashqari, Karakas Xitoy va Eron bilan ham harbiy hamkorlikni kuchaytirish ustida ishlamoqda va mazkur davlatlardan ham qo‘llov so‘ragan. Maduro Xitoy rahbari Si Szinpinga yo‘llagan maktubida ikki mamlakat o‘rtasida kengaytirilgan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan. U Xitoy kompaniyalarini radar tizimlari ishlab chiqarishni tezlashtirishga chaqirgan.

Venesuela transport vaziri Ramon Velaskes esa yaqinda Erondan dronlar va boshqa harbiy uskunalar yuborilishini ma‘lum qilgan. U Eron rasmiylariga passiv aniqlash tizimlari, GPS signalini to‘suvchi qurilmalar va 1 ming kilometr masofagacha uchuvchi dronlar kerakligini bildirgan. Ayni paytda, Xitoy va Eronning bu so‘rovlarga qanday javob bergani noma’lum.

Rossiya Maduro hukumatining asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda. Ruslarning Il-76 samolyoti 26-oktyabr kuni G‘arb havo hududini aylanib o‘tgan holda Karakasga yetib kelgan. Bu samolyot 2023-yilda AQSH tomonidan qurol savdosi va yollanma askar tashishda qatnashgani uchun sanksiyaga uchragan edi. Rossiya hukumati bu masala yuzasidan izoh bermagan. Ammo Moskva bir kun avval Karakas bilan yangi strategik hamkorlik bitimini tasdiqlagan edi.

Mutaxassislarning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi urush bilan band bo‘lsa-da, Lotin Amerikasidagi aloqalarni saqlab qolishga harakat qilmoqda.

“Biz harbiy flotning 10 foizini Karib dengiziga yuborganimiz Putinning foydasigadir. Bu AQSh e’tiborini Ukrainadan biroz chalg‘itadi — bu esa Rossiya uchun qulay fursat”, degan AQSHning Venesueladagi sobiq elchisi Jeyms Stori vaziyatga izoh berib.

Rossiya va Venesuela o‘rtasidagi siyosiy hamkorlik 1999-yilda Xyugo Chaves hokimiyatga kelganidan beri davom etadi. Hozirda bu munosabatlar neft-kimyo, qurol savdosi, axborot siyosati va kriptovalyuta sohalarini ham o‘z ichiga oladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar