AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Szinpin 30-oktyabr kuni Pusan shahridagi aviabazada uchrashdi. Ikki tomonlama muzokaralar bir soat 40 daqiqa davom etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri ilk uchrashuvidir. Muzokaralar AQSH prezidenti jadvalida belgilangan vaqtdan uzoqroq davom etdi. Uchrashuv so‘ngida siyosatchilarning hech biri rasmiy bayonot bermadi. Biroq keyinchalik Tramp 2026-yilda rasmiy tashrif bilan Xitoyga borishini e’lon qildi.
Muzokarlar oldidan Tramp Xitoy rahbarini kutib olayotganida kameralar oldida “juda samarali uchrashuv” bo‘lishiga umid qilayotganini aytdi. Xitoy raisi esa Tramp bilan uchrashuvga qadar u bilan uch marta telefonda gaplashganini va xat almashganini ta’kidladi.
“Dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti vaqti-vaqti bilan kelishmovchiliklarni boshdan kechirishi tabiiy holdir”, dedi Si Szinpin.
U AQSH va Xitoy “do‘st va hamkor bo‘lishi kerakligi” haqida bir necha bor gapirganini eslatdi.
“Bu tarix bizga o‘rgatgan va bugungi kun talab qilayotgan haqiqatdir”, deya ta’kidladi u.
Shundan so‘ng Si va Tramp yopiq eshiklar ortida muzokaralar olib bordi. AQSH tomonidan davlat kotibi Marko Rubio, savdo vakili Jeymison Grir, moliya vaziri Skott Bessent, savdo vaziri Xovard Latnik, ma’muriyat rahbari Syuzi Uaylz va AQSHning Xitoydagi elchisi Devid Perdyu ishtirok etdi.
Xitoy delegatsiyasi tarkibiga tashqi ishlar vaziri Van I, uning o‘rinbosari Ma Chjaosyuy, davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen, ma’muriyat rahbari Say Si, savdo vaziri Van Ventao, Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi raisi Chjen Shansze kirdi.

Muzokaralarda uchta asosiy masala muhokama qilindi:
- Tariflar: Tramp fentanil giyohvand moddasi tarkibiy qismlari eksportiga qarshi kurashda hamkorlik qilish evaziga Xitoydan import bojlarini pasaytirishga tayyorligini bildirdi. Yakunida AQSH rahbari import bojlarini 10 foizga kamaytirdi.
- Kamyob yer elementlari va sun’iy intellekt chiplari: Nvidia kabi kompaniyalar Xitoyga yuqori samarali chiplarni sotishni xohlaydi. Biroq AQSH buni milliy xavfsizlik masalasi deb biladi, chunki bu chiplar Xitoy tomonidan harbiy maqsadlarda ham qo‘llanishi mumkin. O‘z navbatida, Xitoy dunyodagi nodir yer metallari ishlab chiqarishining katta qismini nazorat qiladi. Bu metallar turli yuqori texnologiyali mahsulotlarda keng qo‘llaniladi.
- TikTok: AQSH moliya vaziri Skott Bessent shu hafta Tramp va Si sammitida TikTok tarmog‘ining Amerika segmentini sotish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilishi mumkinligini aytgan edi. Biroq o‘shandan beri bu bitim shartlari haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘lmadi.
Uchrashuv boshlanishidan biroz oldin Tramp AQSHning yadroviy sinovlarini “zudlik bilan” qayta boshlashni buyurganini aytdi. U hozirda mamlakat “boshqa har qanday davlatga qaraganda ko‘proq yadro quroliga ega” ekanini ta’kidladi.
“Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa katta farq bilan uchinchi o‘rinda, ammo besh yil ichida u biz bilan tenglashadi”, deb yozdi AQSH prezidenti Truth Social tarmog‘idagi sahifasida.








