COVID-19, gripp va boshqa virusli kasalliklar yurak va qon tomir tizimi uchun kutilganidan ham xavfliroq bo‘lishi mumkin ekan. Amerika Yurak Assotsiatsiyasi jurnalida 29-oktyabr kuni yangi tadqiqot natijalari chop etilib, unda yuqoridagi virusli kasalliklar yurak xuruji ehtimolini 3 barobarga oshirishi aniqlandi. Maqolada 150 dan ortiq ilmiy ish natijalari o‘rganib chiqildi.
Virus yurakka qanday zarar yetkazadi?
Tadqiqotga ko‘ra:
- COVID-19 bilan kasallangandan keyingi bir necha hafta ichida yurak xuruji xavfi uch baravar;
- grippdan keyingi bir oy ichida esa to‘rt baravar ortadi;
- shuningdek, insult xavfi ham bu davrda besh baravar ko‘tariladi.
Mutaxassislarning aytishicha, viruslar nafaqat respirator (nafas olish) tizimni, balki butun organizmni, xususan yurak va qon tomirlarni ham zararlaydi. COVID-19 kabi viruslar qon tomir devorlariga zarar yetkazib, ularni yallig‘lantiradi. Bu esa qon quyqalari (tromblar) hosil bo‘lishiga olib keladi. Agar bu quyqa tomirni to‘sib qo‘ysa, yurak xuruji yoki insult yuz beradi.
Boshqa turdagi viruslar ham xavfli
Tadqiqotda uzoq davom etadigan infeksiyalar — gepatit C, OIV va temiratki virusi (shingles) ham yurak kasalliklari va insult xavfini oshirishi aniqlangan. Shuningdek, papilloma, denge va chikungunya kabi viruslar bilan bog‘liq yurak muammolari haqida ham dalillar mavjud.
Mutaxassislar nima deydi?
“Virusli infeksiyalar oddiy shamollash emas — ular butun organizmga, ayniqsa yurakka ta’sir qiladi”, deydi Vashington universiteti olimi Ziyod al-Ali.
Beylor tibbiyot kolleji professori Daniel Musharga ko‘ra, virusli yallig‘lanish tomir devoridagi blyashkalarni beqaror holatga keltiradi, oqibatda ular yorilib, qon tomiri to‘silib qoladi.
Nima qilish lozim?
Mutaxassislar viruslardan himoyalanishning eng samarali yo‘li emlanish ekanini ta’kidlamoqda. COVID-19, gripp va shinglesga qarshi vaksinalar kasallikni yengil o‘tkazishga, shu orqali yurak va miya bilan bog‘liq asoratlarni kamaytirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, yurak salomatligi uchun asosiy xavf omillari — yuqori qon bosimi, diabet, chekish va yuqori xolesterinni nazorat qilish zarur. To‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va zararli odatlardan voz kechish yurakni himoya qilishda eng muhim qadam hisoblanadi.








