O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning “OKMK” bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida aytgan gaplari yuzasidan tekshiruv boshladi.
26-oktyabr kuni Olmaliqda bo‘lib o‘tgan “OKMK” hamda “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuvidan (1:1) keyingi matbuot anjumanida Berdiyevning so‘zlari katta rezonansga sabab bo‘ldi. U “Neftchi” haqida gapirar ekan, shunday degan edi:
“Neftchi”ni ko‘p gapirishmoqda, lekin biz ham qarab turmaymiz. Biz anchadan beri mag‘lub bo‘lmadik va chempionlikka loyiqmiz. “Neftchi”ning qanday harakat qilayotganini sizlar ham bilasizlar. Agar “Neftchi” vazifani bajarsa, qahramonlarni maydondan emas, maydon ortidan izlash kerak bo‘ladi. Menimcha, gapimni tushundingiz.”
Murabbiy “ortdagi insonlar” kimlar ekani yoki nega ularni “qahramon” deb ataganini ochiqlamadi.
O‘FA mazkur bayonot yuzasidan surishtiruv o‘tkazishini, natijaga qarab huquqiy baho berilishini bildirdi.
O‘zbekiston Superligasining 26-turida “OKMK” va “Nasaf” jamoalari o‘zaro durang o‘ynadi — 1:1. Bu natijadan so‘ng “Neftchi” “Nasaf”ni ortda qoldirib, turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga oldi. Hozirda har ikkala jamoa 57 ochkodan jamg‘argan.
O‘zPFL reglamentiga ko‘ra, ochkolar teng bo‘lganda avvalo jamoalar o‘zaro o‘yinlardagi natijalar hisobga olinadi. Hozirda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, hozirda ustunlik “Neftchi” tomonida (1:0, 1:1) bo‘lib, jamoa qolgan 4 ta turda ochko yo‘qotmasa, O‘zbekiston Superligasi g‘olibligini qo‘lga kiritishi mumkin.








