Daryo

Kuz oqshomlarini maroqli o‘tkazish uchun: birinchi qismidanoq ekran qarshisiga mixlab qo‘yadigan seriallar

Kuz oqshomlari issiq choy, yumshoq adyol va qiziqarli seriallar bilan yanada zavqli kechadi. Ayniqsa, har bir epizodi tomoshabinni ekran qarshisiga mixlab qo‘yadigan, syujeti sir-sinoatlarga boy loyihalar — dam olish uchun ayni muddao.

3 daqiqa o‘qish1 484 ko‘rishlar0 izoh0

Kuz oqshomlari issiq choy, yumshoq adyol va qiziqarli seriallar bilan yanada zavqli kechadi. Ayniqsa, har bir epizodi tomoshabinni ekran qarshisiga mixlab qo‘yadigan, syujeti sir-sinoatlarga boy loyihalar — dam olish uchun ayni muddao. E’tiboringizga kuz oqshomlari maroq bilan tomosha qilsa bo‘ladigan so‘nggi yillarning ajoyib seriallarini havola etamiz.

“Ochilmagan ishlar bo‘limi” (2025...)

  • Rejissyorlar: Skott Frank, Eliza Amoruzo
  • Aktyorlar: Metyu Gud, Aleksey Manvelov, Xloya Pirri, Lea Bern, Keyt Diki

Dept. Q Cast, News, Videos and more

Daniyalik yozuvchi Yussi Adler-Olsenning romanlar turkumiga asoslangan bu detektiv-psixologik triller “Qirolichaning yurishi” asarining muallifi Skott Frenk tomonidan suratga olingan. Voqealar markazida politsiya bosh inspektori Karl Mork (Mettyu Gud) turadi - u iste’dodli, biroq mutlaqo chidab bo‘lmas shaxs. Hissiy muvozanatining so‘nggi qoldiqlarini barbod qilgan dahshatli hodisadan keyin, Mork o‘zining og‘riqli nuqtalari va ichki zaifliklariga yuzma-yuz kelishga majbur qiladigan shov-shuvli ishni tekshirish vazifasini oladi. Bu shiddatli hikoya neonuar va kutilmagan syujet burilishlarini yoqtiradigan tomoshabinlarga, shubhasiz, ma’qul keladi.

“Ming zarba”(2024...)

  • Rejissyorlar: Eshli Uolters, Katrin Gebbe
  • Rollarda: Malakay Kirbi, Erin Doerti, Frensis Lavxoll, Stiven Grem

Voqealar 1880-yilda Londonning Ist-End hududida - hayot arzon va ko‘pincha musht qonun o‘rnini bosadigan sanoatlashgan qashshoq va notinch joyda kechadi. Yamaykadan bu yerga ikki do‘st keladi - sherlarni bo‘ysundirish orzusidagi Ezekaya (Malachi Kirbi) va o‘z kuch-g‘ayratini qayerga yo‘naltirishni to‘la anglamagan Alek (Fransis Lovholl). Cho‘ntaklarida bir tiyin ham yo‘q, tanish-bilishsiz ular tez orada shafqatsiz boks janglarining yashirin olamiga tortiladi. Ezekaya ringda tez ko‘tariladi, Alek esa uning menejeriga aylanadi. Biroq ularni mahalliy bar egasi va Ist-End afsonasi, keksayib borayotgan chempion Shugar bilan to‘qnashuv kutmoqda.

“Shafqatsiz sevgi: Rut Ellis hikoyasi” (2025)

  • Rejissyor: Li Xeyven Jons
  • Aktyorlar: Lyusi Boynton, Mark Stenli, Tobi Stivens, Tobi Jons, Juliet Stivenson

Zo‘ravonlik, ayollarga nisbatan kamsitish, ruhiy jarohat va sevish hamda sevilishga bo‘lgan umidsiz ishtiyoq haqidagi haqiqiy voqealarga asoslangan ta’sirchan drama. Voqealar 1955-yilda kechadi. Syujet markazida sevgilisini o‘ldirgani uchun hukm qilingan yosh ona Rut Ellis (Lyusi Boynton) turadi. U Buyuk Britaniyada qatl etilgan so‘nggi ayol bo‘ldi. Og‘ir mavzusiga qaramay, vizual jihatdan benuqson serial o‘sha davrdagi ijtimoiy me’yorlarni va Rut kabi ayollarning barcha urinishlariga qaramasdan, normal hayot kechirish uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmaganliklarini ko‘rsatadi.

“Deyv” (2020-2023)

  • Rejissyorlar: Toni Yasenda, Ben Sinkler, Kitao Sakurai
  • Rollarda: Deyv Berd, Endryu Santino, Gata, Teylor Misyak, Kristin Ko

Xudbin va asabiy Deyv Berd (Deyv Berdning o‘zi ijro etgan) barcha zamonlarning eng buyuk reperi bo‘lishni orzu qiladi. Birinchi mavsum manmanlar hukmronlik qiladigan sanoatda muvaffaqiyatga erishish uchun qancha mehnat va qat’iyat kerakligini, hamda yagona maqsad yo‘lida boshqa hamma narsadan voz kechishning qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi. Deyv nihoyat o‘zi intilgan muvaffaqiyatga erishgach, uning yo‘lida tobora ko‘proq sinovlar va uni yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan odamlar paydo bo‘ladi. Uchinchi mavsumda esa bosh qahramon o‘tmish, hozirgi va kelajak arvohlari bilan yuzma-yuz kelishi va nihoyat shaxsiy hamda kasbiy maqsadlarini muvofiqlashtirish uchun harakat qilishi kerak bo‘ladi. Umuman olganda, “Deyv” mashhurlik haqidagi eng o‘tkir va o‘ziga xos komediyalardan biridir. 

“Garri Kvebert ishi haqida haqiqat”(2018)

  • Rejissyor: Jan-Jak Anno
  • Aktyorlar: Patrik Dempsi, Ben Shnetser, Deymon Uayans kichik, Kristin Froset, Kurt Fuller

Серіал Правда про справу Гаррі Квеберта (1 сезон) дивитися онлайн  українською всі серії безкоштовно в HD якості

Joel Dikkerning shu nomdagi romani asosida suratga olingan detektiv mini-serial. Voqea yosh yozuvchi Markus Goldmanning ijodiy inqirozni yengish maqsadida ustozi Garri Kvebertning uyiga tashrif buyurishi bilan boshlanadi. Biroq ko‘p yillar oldin g‘oyib bo‘lgan 15 yoshli Nola Kellerganni o‘ldirganlikda Kvebert ayblanganida, tinch hayot izdan chiqadi. Markus o‘qituvchisining aybsizligini isbotlash uchun shaxsiy tergov ishlarini boshlaydi - aks holda Garrini elektr stul kutmoqda. Serial detektiv intrigani yozuvchilik, xotira va aybdorlik tabiati haqidagi mulohazalar bilan mohirona uyg‘unlashtiradi. Dikker asarlariga xos bo‘lgan ko‘p qatlamlilik - o‘tmish va hozirgi zamonning chirmashib ketishi - ekranlashtirishda deyarli to‘liq saqlanib qolgan.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar