O‘zbekiston Superligasi 26-turidan o‘rin olgan “OKMK” — “Nasaf” hamda “Bunyodkor” — “Mash’al” o‘rtasidagi bahslar yakuniga yetdi.
Olmaliqning “OKMK” klubi o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Birinchi bo‘limda jamoalar asosan o‘zaro qarshi hujumlarga tayangan holda o‘ynadi. Qarshi klubi biroz ustunlik qilgan bo‘lsa-da, darvozalar ishg‘ol qilinmadi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar faolroq harakat qila boshladi. Natijada Nodirbek Abdurazzoqov 54-daqiqada hisobni ochdi — 1:0. Ammo oradan 25 daqiqa o‘tib, “Nasaf” bosimni kuchaytirdi va o‘ziga xos tarzda javob qaytardi. 80-daqiqada Dragan Cheran Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoa darvozasini ishg‘ol qildi — 1:1.
Qolgan daqiqalarda ham ikkala jamoa g‘alaba uchun harakat qildi, biroq hisob o‘zgarmadi. Shunday qilib, “OKMK” va “Nasaf” 1 ochkodan bo‘lishib oldi. Mazkur natijadan keyin “Nasaf” 57 ochko bilan turnir jadvalini 2-pog‘onasini egallab turibdi. “OKMK” esa 41 ochko bilan 6-pog‘onani band etgan.
Kunning navbatdagi uchrashuvi Toshkentning “Bunyodkor” hamda Mubarakning “Mash’al” jamoalari o‘rtasida kechdi. Bahs 2:1 hisobida “qaldirg‘ochlar” foydasiga hal bo‘ldi.
O‘yindagi hisob 50-daqiqada Martin Sroler tomonidan ochildi. Oradan 8 daqiqa o‘tib, “Bunyodkor” oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Gol muallifi yana Martin Sroler bo‘ldi. 70-daqiqada “Mash’al” bitta javob qaytardi. Ammo Islom Sharipov tomonidan kiritilgan “Mash’al”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi.
Mazkur natijadan keyin “Bunyodkor” 46 ochko bilan turnir jadvalining 5-pog‘onasini egallab turibdi. 23 ochkosi bor “Mash’al” esa 15-o‘rinni band etgan.
O‘zbekiston Superligasi
26-tur
“OKMK” — “Nasaf” 1:1
Gollar: 1:0 — Abdurazzoqov (54), 1:1 — Cheran (80)
“Bunyodkor” — “Mash’al” 2:1
Gollar: 1:0 — Sroler (50), 2:0 — Sroler (58), 2:1 — Sharipov (70)








