Daryo

O‘g‘rilarning Luvr muzeyidan qochish videosi namoyish qilindi

Parijning mashhur muzeyidan 88 mln yevrolik taqinchoqlar o‘g‘irlab ketilgan. Jinoyatchilarni qidirish ishlari hali ham davom etmoqda. Qimmatbaho buyumlar allaqachon eritib yuborilgan bo‘lishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish2 356 ko‘rishlar0 izoh26

Parijning Luvr muzeyidan 19-oktyabr kuni fransuz imperatorlariga tegishli 9 ta buyum o‘g‘irlab ketilgandi. O‘g‘rilar muzey xodimlari formasida binoga kirgan. Qochish chog‘ida ular buyumlardan birini tashlab ketgan. Jinoyatchilarning harakatlari aks etgan video internetda tarqaldi.

Videoda ikki nafar o‘g‘ri muzeyning ikkinchi qavatidan mexanik lift orqali pastga tushayotgani aks etgan. Oradan ko‘p o‘tmay, politsiya sirenalarining ovozi eshitiladi, biroq bu paytda talonchilar allaqachon skuterlarda voqea joyidan qochib ketgan bo‘lgan. Fransiya prokuraturasi videokadrlar mavjudligidan xabardor va ularni tergov ishlariga qo‘shgan.

O‘g‘rilar muzeyda saqlangan qimmatbaho taqinchoqlar qiymatidan bexabar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Sababi ular dunyodagi eng mashhur olmoslardan biri — Regent (Qirol toji olmosi)ni umuman e’tiborsiz qoldirgan. Bu olmos o‘g‘rilik sodir bo‘lgan Apollon galereyasida saqlanadi va 60 million yevrodan ortiqqa baholangan.

Le Régent, diamant de la démesure

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, niqobli o‘g‘rilar 19-oktyabr kuni soat 09:30 atrofida qurilish krani yordamida deraza oynalarini sindirgan, so‘ngra mototsikllarda Parij ko‘chalari bo‘ylab qochib ketgan.

“O‘g‘rilar ularning javohirlarini butun saqlamoqchi emas, ularni sindirib, qimmatbaho metallni eritishadi, qimmatbaho toshlarni ajratib olib, dalillarni yashiradi”, deydi Art Recovery International bosh ijrochi direktori Kris Marinello.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya politsiyasi zargarlik buyumlarini topishi uchun 24 soatdan 48 soatgacha vaqt kerak bo‘ladi. Bundan keyin taqinchoqlarning yo‘q qilinishi ehtimoli yuqori.

“Bu vaqtdan keyin jinoyatchilarni qo‘lga tushirishi mumkin, ammo javohirlarni qaytarib olisholmaydi”, degan u.

Luvr muzeyidan nimalar o‘g‘irlandi?

Jinoyatchilar Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketgan. Rasmiylar ularni “bebaho” deb atagan.

  • 212 ta marvarid, 1 998 ta olmos va 992 ta pushti qirrali olmos bilan bezatilgan imperatritsa Yevgeniya tiarasi.
  • Imperatritsa Yevgeniyaning 2 438 ta olmos va 196 ta pushti qirrali olmos bilan bezatilgan dekorativ banti.
  • 1855-yilga oid “Imperatritsa Yevgeniya” broshi.
  • Lui Bonapartning rafiqasi qirolicha Gortenziya va Lui-Filipp I ning turmush o‘rtog‘i qirolicha Mariya-Ameliya taqib yurgan to‘plamdagi sapfir sirg‘a.
  • Napoleon tomonidan Mariya-Luizaning to‘yiga sovg‘a qilingan zumrad va olmoslardan yasalgan marjon.

Fransiyada sentyabr oyi boshidan beri muzeylar va kolleksiyalar talon-toroj qilinmoqda

  • Oktyabr o‘rtalarida mamlakat janubi-g‘arbidagi Sarran shahrida joylashgan Jak Shirak muzeyi ikki kun ichida ikki marta o‘g‘rilik qurboni bo‘ldi. Jinoyatchilar sobiq prezident Jak Shirakka diplomatik sovg‘a sifatida berilgan soatlar va zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan. Zarar miqdori hali to‘liq baholanmagan, tergov davom etmoqda.
  • Sentyabr oyida Limoj shahridagi Adrien Dyubushe milliy muzeyidan 6,5 million yevro qiymatidagi uchta Xitoy chinni buyumi o‘g‘irlangan. Ular “milliy boylik” maqomiga ega edi.
  • Bir necha kun o‘tgach, Parijdagi Tabiiy tarix muzeyidan 1,5 million yevrolik bir nechta asl oltin o‘g‘irlab ketildi. 24 yoshli gumonlanuvchi Barselonada qo‘lga olingan, uning ehtimoliy sheriklari butun Yevropa bo‘ylab qidirilmoqda.
  • 20-oktyabr kuni ertalab  “Deni Didro ma’rifat uyi” muzeyiga ham oʻgʻri tushdi. Ular oltin va kumush tangalarni o‘g‘irlab ketgan. Gap 1790—1840-yillarda zarb etilgan va 2011-yilda muzey binosini restavratsiya qilish paytida topilgan tangalar to‘plami (1 633 ta kumush va 319 ta oltin) haqida ketmoqda. Ularning umumiy qiymati 90 ming yevroga baholangan. Muzeyning boshqa eksponatlari o‘z joyida qolgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar