O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovning safga qaytish sanasi ma’lum bo‘ldi. Standart nashrining xabar berishicha, futbolchi Angliya Premyer Ligasining 8-turidan o‘rin olgan “Everton”ga qarshi bahsda maydonga tushishi mumkin. Uchrashuv 18-oktyabr sanasiga belgilangan.
O‘zbekistonlik himoyachi APLning 5-turidagi “Arsenal”ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi oxirida jarohat olgan edi. Shundan so‘ng, bosh murabbiy Pep Gvardiola Husanov kamida uchta o‘yinni — “Haddersfild” (Karabao Kubogi), “Byornli” (APL) va “Monako” (Chempionlar Ligasi)ga qarshi bellashuvlarni o‘tkazib yuborishini ma’lum qilgan. Biroq futbolchining jarohati kutilganidan jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Sababi himoyachi jarohat ortidan “shaharliklar”ning 4 ta o‘yini (“Brentford”) hamda O‘zbekiston terma jamoasining oktyabr oyidagi yig‘inini o‘tkazib yubordi.
Shuningdek, “Everton”ga qarshi o‘yinda “Manchester Siti” safida misrlik futbolchi Omar Marmush ham safga qaytishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov joriy mavsum “Manchester Siti” tarkibida jami 5 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Transfermarkt portali unga 35 million yevro qiymat belgilagan. Futbolchining klub bilan tuzgan shartnomasi 2029-yil yoziga qadar amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, APLning 7-turidan so‘ng “Manchester Siti” 13 ochko bilan musobaqa jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi.








