Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Misradagi G‘azo sammitida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning qatnashishi mumkinligini eshitib, samolyotni ortga qaytarishga buyruq berdi. Bu haqda Ülke TV telekanali bosh muharriri Hasan O‘zturk jonli efirda ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Erdo‘g‘on Misrga uchib kelayotgan paytda Netanyaxu ham sammitda ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lumot olgan. Shunda Turkiya prezidenti bir nechta hamkor davlatlarga xabar yo‘llab, haqiqatdan shunda bo‘lsa, samolyotini ortga burib, Turkiyaga qaytishini bildirgan.
“Erdo‘g‘onning samolyoti qo‘nishga hozirlanib, shassilar tushirilgan edi. Ammo u yana osmonga ko‘tarilgan”, degan O‘zturk.
Lekin oradan biroz o‘tgach, Misr hukumati Netanyaxuning sammitda qatnashmasligini bildirgan. Shundan so‘ng, Erdog‘onning samolyoti Sharm el-Sheyxga qo‘ngan. Rasmiylar bu borada hali izoh bermagan.
INA agentligi xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Netanyaxuni sammitga jalb etmoqchi bo‘lgan, ammo bir nechta davlatlar bunga qarshi chiqqan. Jumladan, Iroq bosh vaziri agar Netanyaxu ishtirok etsa, sammitni tark etishini bildirgan. Misr rasmiysi Netanyaxuga rasmiy taklif yubormagan. Biroq Tramp diplomatik aloqalar orqali uni jalb etishga harakat qilgan, deyiladi xabarda.








