Daryo

Britaniya razvedka samolyotlari Rossiya chegaralarida 12 soat patrullik qildi

Operatsiya Rossiya dronlari tomonidan NATO havo hududi buzilishi sababli amalga oshirildi. Unda AQSHning yonilg‘i quyish samolyoti ham ishtirok etdi.

2 daqiqa o‘qish1 869 ko‘rishlar0 izoh0

Buyuk Britaniyaning ikkita zamonaviy razvedka samolyoti NATOning sharqiy qanoti bo‘ylab 12 soatlik parvozni amalga oshirib, Rossiya chegaralarida patrullik qildi. Bu haqda Britaniya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

RC-135 Rivet Joint radioelektron razvedka samolyoti va P-8A Poseidon patrul samolyoti Rossiya chegaralari bo‘ylab Uzoq Shimoldan deyarli 10 ming mil masofani bosib o‘tib, Belarus va Ukraina havo hududi yaqinida parvoz qilgan.

Bu missiya “Buyuk Britaniyaning operativ tayyorgarligi va NATOning jamoaviy qat’iyatini namoyish etish” maqsadida o‘tkazilgan. U so‘nggi bir oy ichida Rossiya dronlari va samolyotlarining NATO havo hududiga bir necha bor kirib kelishi ortidan amalga oshirilgan. Operatsiyada AQSHning KC-135 Stratotanker yonilg‘i quyish samolyoti ham ishtirok etgan. Uning yordamida Britaniya samolyotlari operativ harakat radiusini kengaytirish imkoniga ega boʻlgan.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xilining aytishicha, missiya nafaqat qimmatli razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan, balki “Putin va dushmanlarga NATO birligi haqida kuchli signal yuborgan”.

Missiyadagi razvedka samolyotlari xususiyati

Texnik jihatdan, RC-135 Rivet Joint harbiy radiosignallarni ushlash va elektromagnit to‘lqinlardagi ma’lumotlarni tinglash uchun mo‘ljallangan, P-8A Poseidon esa dengiz osti kemalariga qarshi operatsiyalarda qo‘llaniladi hamda torpedalar va kemalarga qarshi raketalar bilan jihozlanishi mumkin.

Parvoz davomida samolyotlar NATO ittifoqchilari bilan muvofiqlashgan holda harakat qilgan, bu esa vaziyatni to‘liq nazorat qilish imkonini bergan.

Operatsiya Rossiya dronlari tomonidan NATO mamlakatlari havo hududining buzilishi bilan bog‘liq bir qator hodisalar fonida amalga oshirildi. Sentyabr oyida Rossiyaning 20 ga yaqin droni Polsha havo hududiga kirdi, uchta MiG-31 qiruvchisi esa Estoniya chegarasini buzib o‘tdi.

Shundan so‘ng NATO bosh kotibi Mark Ryutte va AQSHning BMT Xavfsizlik kengashidagi vakili Mayk Uolts alyans o‘z hududining “har bir qarichini” himoya qilishiga ishontirdi. AQSH prezidenti Donald Tramp NATO davlatlarini alyans havo hududini buzayotgan Rossiya harbiy samolyotlarini urib tushirishga chaqirdi.

9-oktyabr kuni Yevropa parlamenti Rossiyaning harakatlarini “terrorchi davlat” sifatida tavsiflovchi va “Rossiya tomonidan uchirilayotgan dron va samolyotlarga qarshi samarali kurashish uchun zarur bo‘lgan harakatlarga, hatto ularni urib tushirishgacha” ruxsat beruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar