Kataloniyaning “Barselona” klubi 37 yoshli hujumchi Robert Levandovski bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Sport.es nashrining yozishicha, bunday qarorga futbolchining yoshi, past samaradorligi va raqibga bosim o‘tkaza olish qobiliyatining susaygani sabab bo‘lgan.
Manbaga ko‘ra, Levandovski joriy mavsumdan so‘ng faoliyatini yakunlaydimi yoki boshqa klub bilan shartnoma imzolaydimi — hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Avvalroq futbolchiga Saudiya Arabistoning “Al-Hilol” klubi qiziqish bildirgani, ammo Robert “Barselona”ni tark etishni istamagani xabar qilingandi.
Hozirda kataloniyaliklar Levandovskiga munosib o‘rinbosar topishni istamoqda. Klub rahbariyati “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvaresni sotib olish ustida ish olib bormoqda.
Levandovski “Barselona” safida 2022-yildan beri harakat qilmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2026-yilning yoziga qadar amal qiladi. Joriy mavsum u barcha musobaqalar doirasida jami 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 4 ta gol yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali hujumchining qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.








