“Real Madrid” Meksikaning “Tixuana” klubi hujumkor yarim himoyachisi Xilberto Mora bilan shartnoma imzolashga harakat qilmoqda. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, Ispaniya klubi 16 yoshli meksikalik futbolchining 50 foiz transfer huquqi uchun 20 million yevro taklif qilishga tayyor. Meksika klubi esa Xilberto bilan xayrlashishga qarshi emas, biroq futbolchini yuqori narxda sotishni maqsad qilgan va hozirda faol tarzda muzokaralar olib bormoqda.
Futbolchining agenti Ignasio Ruvalkaba ham Moraning “Real” bilan shartnoma imzolashni xohlayotganini tasdiqladi:
“Mora “Real Madrid”da o‘ynashni orzu qiladi. U juda intiluvchan va doimo o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadi. U o‘zini Madrid klubining bir qismi bo‘lishni hamda Yevropa futbolida o‘ynashni istaydi. Unda kuchli ligalarda to‘p surish uchun yetarli qobiliyat bor. Ammo bir necha million dollar evaziga Xilbertoning oyog‘ini ham sotib olishning iloji yo‘q”, dedi agent.
Xilberto Mora allaqachon tarixga kirgan. Futbolchi Meksika terma jamoasi safida KONKAKAF Oltin Kubogi finalida ishtirok etib, kattalar o‘rtasidagi xalqaro turnirlarning hal qiluvchi o‘yinlarida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylandi.
Hozirda Mora yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘z mamlakati sharafini himoya qilmoqda. Mora joriy mavsum “Tixuana” safida jami 8 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol hamda 1 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 4,5 million yevroga baholamoqda.








