Efiopiyaning Arerti shahrida joylashgan cherkovda havoza qulab tushishi oqibatida 36 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Fojia 1-oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:45 atrofida yuz bergan. Hodisa paytida minglab ziyoratchilar Menjar Shenkora Arerti Mariyam cherkovida har yili o‘tkaziladigan Bibi Maryam festivalini nishonlayotgan edi.
Mahalliy politsiya boshlig‘i Ahmad Gebeyxuga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni ortishi mumkin. Jarohatlanganlar soni aniq emas, ayrim manbalarga ko‘ra, ularning soni 200 nafar atrofida. Vayronalar ostida hamon odamlar borligi aytilmoqda. Og‘ir ahvoldagi jarohatlanganlar poytaxtdagi shifoxonalarga yetkazilgani ma’lum qilingan. Mamlakat rasmiylaridan biri bu hodisani “jamiyat uchun katta yo‘qotish” deb atamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda qulab tushgan yog‘och ustunlar va ularning orasida to‘plangan odamlar aks etgan. Yana bir necha suratlarda cherkov tashqarisida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tarzda qurilgan to‘sinlar ko‘rinadi. Efiopiyada qurilish xavfsizligiga oid nazorat deyarli yo‘q va bunday baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turadi.








