Daryo

Trampning Gʻazodagi urushni tugatish rejasi e’lon qilindi

Reja 20 punktdan iborat bo‘lib, Isroil, HAMAS va Falastin kelajagiga ham e’tibor qaratgan. Tramp esa G‘azoni nazorat qiluvchi “Tinchlik kengashi”ni boshqaradi.

3 daqiqa o‘qish1 166 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH prezidenti Donald Tramp 29-sentyabr kuni Isroil va G‘azo sektori o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha 20 banddan iborat rejani taklif qildi. Hujjat Oq uy tomonidan e’lon qilindi, Al-Jazeera mazkur rejani taqdim etdi.

“G‘azo qo‘shnilari uchun xavf tug‘dirmaydigan, terrorizmdan xoli, deradikalizatsiya qilingan hududga aylanadi. G‘azo shundoq ham yetarlicha azob chekayotgan aholi manfaati uchun qayta quriladi”, deyiladi rejaning dastlabki ikki punktda.

​

Keyingi ikki punktda sulh tuzish uchun dastlabki qadamlar tasvirlangan: bu Isroil kuchlarini “garovga olinganlarni ozod qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun kelishilgan chiziqqa“ olib chiqish, “barcha harbiy operatsiyalarni, shu jumladan havo hujumlari va artilleriya otishmalarini” to‘xtatish va “qo‘shinlarni to‘liq bosqichma-bosqich olib chiqish shartlari bajarilgunga qadar” front chizig‘ini muzlatishdir.

Shu bilan birga, garovga olinganlarni, jumladan, halok bo‘lganlarni qaytarish uchun “Isroil ushbu shartnomani ommaviy qabul qilgan paytdan boshlab” 72 soat vaqt ajratilgan.

Beshinchi punktda Isroil ozod qilishi kerak bo‘lgan shaxslar soni keltirilgan: bular umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 250 nafar falastinlik mahbus va 2023-yil 7-oktyabrdan keyin qo‘lga olingan 1,7 ming nafar g‘azolik. Bundan tashqari, Isroil har bir garovga olingan odam uchun “o‘lgan 15 nafar G‘azo aholisining qoldiqlarini” qaytaradi.

“Ushbu majburiyatlar bajarilganda, HAMAS a’zolari amnistiya va sektorni xavfsiz tark etish imkoniyati evaziga qurollarini topshiradi”, deyiladi 6-punktda.

Keyingi ikki punkt gumanitar yordamga taalluqli: u yanvardagi yarashuv bitimida ko‘rsatilgan hajmlarda yuboriladi (martgacha davom etgan), shuningdek, infratuzilmani tiklash ko‘zda tutilgan. Bunga BMT va Qizil Yarim oy jamiyati aralashmaydi.

9-punktda sektorda hokimiyat qanday ishlashi bayon etilgan. Unga ko‘ra, boshqaruvni “oraliq davr uchun vaqtinchalik, texnokratlardan iborat siyosiy bo‘lmagan falastinlik qo‘mita” amalga oshiradi. Nazorat va tekshiruv esa “Tramp rahbarligidagi yangi xalqaro oraliq organ — ‘Tinchlik kengashi’ ” zimmasida bo‘ladi. Uning tarkibiga sobiq Britaniya bosh vaziri Toni Bler va boshqalar kiradi.

10-11-punktlar iqtisodiy masalalarga tegishli: mintaqani rivojlantirish rejasi ustida "Yaqin Sharqda gullab-yashnayotgan shaharlar"ni yaratishga aloqador ekspertlar ishlaydi, u yerda maxsus iqtisodiy zona tashkil etish rejalashtirilgan.

“Hech kim G‘azoni tark etishga majburlanmaydi, ketishni istaganlar esa buni erkin amalga oshirishi va erkin qaytishi mumkin. Biz odamlarni qolishga undaymiz va ularga yaxshiroq G‘azoni qurish imkoniyatini taklif qilamiz”, deyiladi 12-bandda.

​

Keyingi ikki band HAMASning taqdiriga taalluqli. Guruh hech qanday shaklda sektorni boshqarishda rol o‘ynamaydi. “Barcha harbiy, terroristik va hujumkor infratuzilma“ yo‘q qilinadi, G‘azo demilitarizatsiya qilinadi. Bu “mintaqaviy hamkorlar” kafolatlari bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

15-punktda “Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari” (XBK) tuzilishi haqida so‘z boradi. Ular G‘azoda zudlik bilan joylashtirilib, ichki xavfsizlikni ta’minlash uchun tekshiruvdan o‘tgan falastinlik politsiya kuchlarini tayyorlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi.

16-puntkda esa: “Isroil G‘azoni bosib olmaydi va anneksiya qilmaydi”, deb alohida ta’kidlangan. Isroil armiyasi (CAXAL) sektorda egallab turgan hududlarni bosqichma-bosqich XBK nazoratiga topshiradi. Agar HAMAS reja ijrosini cho‘zsa, yuqoridagi choralar Isroil XBKga topshiradigan hududlarga nisbatan qo‘llanadi.

18 va 20-punktlarda “tinch va farovon hamkorlik asosida birga yashashning siyosiy istiqboli bo‘yicha kelishuvga erishish” uchun dinlararo muloqot hamda falastinliklar va isroilliklar o‘rtasida suhbat o‘rnatish taklif etilgan.

19-band Falastinning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va davlatchiligi haqida alohida so‘z boradi. AQSH buni falastinliklarning intilishi sifatida tan oladi, biroq mustaqil mamlakatni shakllantirish uchun shart-sharoitlar Tramp rejasi ilgari surilishi bilan paydo bo‘ladi, deb hisoblaydi. Hozirda Vashington Falastinni tan olish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamayapti.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar