Samarqand shahrida piyodalar yoʻlagidan oʻtayotgan sakkiz kishini bosib ketib, ulardan birining oʻlimiga sabab boʻlgan haydovchi yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Milliy telekanalining “Millar” dasturida xabar berildi.
Voqea 2025-yil 11-aprel kuni sodir boʻlgan. 28 yoshli Lacetti haydovchisi piyodalar oʻtish joyidan toʻxtamay, yuqori tezlikda harakatlangan. Yoʻldan oʻtayotgan sakkiz nafar fuqaroni urib yuborgan. Ular orasidagi jiyani va farzandini yetaklab ketayotgan homilador ayol halok boʻlgan. Marhumaning uch nafar farzandi onasiz qolgan.
Haydovchi ishi Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida koʻrib chiqilib, unga hukm oʻqilgan. Sud ayblanuvchini uch yil transport vositalarini boshqarish huquqidan, yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolagan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur yoʻl-transport hodisasining videosi tarqalgandi. Tasvirda yuqori tezlikda harakatlangan avtomobil yoʻldan oʻtayotgan piyodalarni urib, bir necha kishini uchirib yuborganini koʻrish mumkin.
Holat yuzasidan Samarqand IIB maʼlumot bergan. Qayd etilishicha, voqea Samarqand shahri “Nurli yoʻl” mahallasi hududidan oʻtuvchi Rudakiy koʻchasida sodir boʻlgan. YTH oqibatida jarohatlangan piyodalar shifoxonaga yetkazilgan. Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoqqa olish” chorasi qoʻllanilgan. Tergov olib borilishi bildirilgan.








