2006-yilgi jahon chempioni va “Oltin to‘p” sohibi Fabio Kannavaro yaqinda Qozog‘iston hamda O‘zbekiston terma jamoalaridan tushgan takliflarni ketma-ket rad etdi. Bu haqda Sport-Express nashri xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, Kannavaro ayni damda Italiya A Seriyasidagi biror klubda murabbiy sifatida faoliyat yuritishni istamoqda. U joriy mavsum davomida chempionatdagi biror jamoa murabbiyi iste’foga chiqsa, o‘sha klubni boshqarishga tayyor ekanini bildirgan. So‘nggi kunlarda uning nomi A Seriyaning “Lechche” klubi bilan bog‘lanmoqda.
Shuningdek, yozda Kannavaroning Rossiyaning “SSKA” klubiga bosh murabbiy bo‘lib tayinlanishi ehtimoli ham mavjud edi. Biroq muzokaralar faqat dastlabki bosqichda to‘xtab qolgan.
Insayder Nikolo Skiraning ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy terma jamoasi italiyalik mutaxassisga taklif tayyorlamoqda. Xabarda aytilishicha, 29-sentyabr kuni Milanda Xitoy Futbol Federatsiyasi vakillari va Kannavaro o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi italiyalik murabbiy bilan muzokaralar olib borish maqsadida Italiyaga tashrif buyurgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, Fabio Kannavaro Osiyo qit’asida ishlash tajribasiga ega. U avvalroq BAA, Xitoy va Saudiya Arabistoni klublarida, shuningdek, Xitoy terma jamoasida ham faoliyat olib borgan. Bundan tashqari, u Italiya va Xorvatiyadagi “Benevento”, “Udineze” hamda “Dinamo Zagreb” klublarida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan.
Fabio Kannavaroniing so‘nggi ish joyi — Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” klubi bo‘lib, 2025-yil 9-aprel kuni jamoaning qoniqarsiz natijalari tufayli u lavozimidan ozod etilgan.








