Daryo

Bokuda II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media forumi boʻlib oʻtdi

Media forum raqamli transformatsiya, axborot xavfsizligi va etik meʼyorlarni mustahkamlash orqali ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi media hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan.

1 daqiqa o‘qish7 553 ko‘rishlar0 izoh0

Boku shahrida Ozarbayjon–Oʻzbekiston media forumining II marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir ikki mamlakat media sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan videorolik bilan boshlandi.

Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi ijroiya direktori Ahmad Ismoilov forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi tarixiy rishtalar Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi bilan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi. U strategik sheriklik darajasidagi munosabatlar mediada tajriba almashish, raqamli muhitni tartibga solish, yangi texnologiyalarni joriy etish va jurnalistika standartlarini mustahkamlash imkoniyatlarini yaratishini bildirdi.

Foto: Trend

Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiya departamenti sektor mudiri Dilshod Saidjonov media sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, axborot xavfsizligini mustahkamlash va oʻzaro axborot almashinuvini kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Ozarbayjon Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov raqamli medianing rivojlanishi audiovizual kontent ishlab chiqarish va sohaga yangicha yondashuvlarni talab qilayotganini aytdi. Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxanov axborot va media sohasidagi hamkorlikni strategik sheriklikning muhim yoʻnalishi sifatida baholadi. Oʻzbekiston Jurnalistika universiteti prorektori Nozima Muratova forumning jurnalistlar raqamli koʻnikmalarini rivojlantirish va zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy etish uchun muhim platforma ekanini taʼkidladi.

Foto: Trend

Forum doirasida ikki asosiy panel sessiya oʻtkazildi. Birinchisi — “Raqamli davrda media hamkorligi: axborot xavfsizligi yoʻnalishida qoʻshma tashabbuslar”, ikkinchisi — “Raqamli axborot muhitida etik masʼuliyat”. Panel sessiyalarda axborot xavfsizligi, sunʼiy intellekt, dezinformatsiyaga qarshi birgalikdagi kurash, davlat organlari va media tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklik, shuningdek jurnalistlarning jamoat oldidagi masʼuliyati va manipulyativ kontentga qarshi etik normalar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar qoʻshma loyihalar amalga oshirish, tajriba almashish va raqamli davrda axborot xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

Maʼlumot uchun, II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media forumi raqamli transformatsiya, axborot xavfsizligi va etik meʼyorlarni mustahkamlash orqali ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi media hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan.

Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar