“Samarqandim” jurnalining 3-soni chop etildi. Unda Samarqandning tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini yorituvchi qator maqolalar jamlangan. Nashr materiallarida shahar faqat tarixiy obidalar majmuasi sifatida emas, balki umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy meros hamda ilmiy-ma’rifiy tafakkur markazi sifatida ham tasvirlanadi.
Jurnalda YUNESKO qadriyatlari va an’analariga tayangan holda Samarqand ruhining umumiy taraqqiyotdagi o‘rniga bag‘ishlangan maqolaga alohida e’tibor qaratilgan. Unda shahar madaniy merosining global hamjihatlik, shuningdek, millatlar va sivilizatsiyalar muloqoti uchun ahamiyati yoritilgan.
Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofotining Samarqand shahrida topshirilishiga bag‘ishlangan maqolada mazkur tadbirning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati bayon etilgan. Unda Samarqandning ilm-fan bilan bog‘liq tarixiy an’analariga e’tibor qaratilgan.
Nashrda prezident Shavkat Mirziyoyevning jahon shaxmat maydonida yutuqqa erishgan Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqoti haqidagi maqola ham o‘rin olgan. Unda davlat rahbarining yosh avlodga bo‘lgan e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi aks etgan.
“Samarqand saboqlari” ruknida joy olgan materiallar tarixiy voqealarni tahlil qilish va o‘tmish tajribasini bugungi kun bilan bog‘lash masalalariga bag‘ishlangan. “Imom Buxoriy ham marsiya aytganini bilasizmi?” sarlavhali maqolada esa islom ma’naviyati va adabiy an’analarning kamroq yoritilgan jihatlari bayon etilgan.
Jurnalda Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda Dukchi eshon qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan tahliliy materiallar ham berilgan bo‘lib, ularda milliy uyg‘onish va ijtimoiy jarayonlar tarixiy manbalar asosida yoritilgan.
Ma’lumot uchun, “Samarqandim” jurnali o‘zbek, ingliz tillarida 1 yilda 4 marta nashr etiladi.








