Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 2-tur doirasidagi “Nasaf” – “Al-Hilol” uchrashuvi 29-sentabr, dushanba kuni Qarshidagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mehmonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Hisob 21-daqiqada ochildi. “Al-Hilol” futbolchisi Sergey Milinkovich-Savich Abduvohid Ne’matovning xatosidan unumli foydalandi va darvozani ishg‘ol qildi. Ammo 27-daqiqada “Nasaf” javob qaytardi. Sardorbek Bahromov taxminan 20 metr masofadan kuchli zarba yo‘llab, Yassin Bunu darvozasiga yo‘l topdi — 1:1.
Birinchi bo‘lim yakuniga kelib, mehmonlar yana hisobda oldinga chiqib oldi. Riyodliklarning fransiyalik himoyachisi Teo Ernandes “Nasaf” futbolchilarini chiroyli fintlar bilan aldab o‘tib, jamoasining ikkinchi golini urdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida “Nasaf” bir nechta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Javohir Siddiqov va Dragan Cheran kabi futbolchilar zaxiradan maydonga tushirildi. 60-daqiqada aynan Siddiqov hisobni tenglashtirdi — 2:2. Ammo 79-daqiqada “Al-Hilol” qarshi hujum orqali ustunlikni yana o‘z qo‘liga oldi. Saudiya Arabistoni klubi hujumchisi Markos Leonardo tezkor hujumni aniq zarba bilan yakunlab, jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi.
Uchrashuv 3:2 hisobida “Al-Hilol” foydasiga yakunlandi. Ayni paytda Riyod klubi 6 ochko bilan guruhda yetakchilik qilmoqda. Imkoniyatni boy bergan “Nasaf” esa guruhning so‘nggi pog‘onasini egallab turibdi.
Elit Osiyo Chempionlar Ligasi
2-tur
“Nasaf” — “Al-Hilol” 2:3
Gollar: 0:1 — Savich (21), 1:1 — Bahromov (27), 1:2 — Ernandes (45+2), 2:2 — Siddiqov (60), 2:3 — Leonardo (79).








