Daryo

12 soatlik hujum: Rossiya Ukrainaga 500 ta dron va raketalar uchirdi (video)

Hujum oqibatida toʻrt kishi, jumladan, uy ostida qolib ketgan 12 yoshli qizcha halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni 80 kishidan oshmoqda.

1 daqiqa o‘qish1 650 ko‘rishlar0 izoh1

Rossiya armiyasi 28-sentyabr kuni Ukrainaning qator shaharlariga aviazarbalar berdi. Hujum oqibatida 4 kishi halok boʻldi, 80 dan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xabar berdi.

Rossiya salkam 500 ta dron va 40 ta raketa uchirgan, ular orasida “Kinjal” raketalari ham bor. Asosiy zarba Kiyevga qaratilgan bo‘lib, hujum oqibatida yettita kvartal zarar ko‘rgan. Solomyanskiy tumanida Kardiologiya instituti, yonilg‘i quyish shoxobchasi va boshqa inshootlarga zarba berilgan. Eng katta talafot ko‘rgan joylardan biri — Garmata ko‘chasidagi besh qavatli uy. Uning ostida qolib ketgan 12 yoshli qizcha halok bo‘lgan.

Zelenskiy Rossiyani tinch aholiga qo‘rquv uyg‘otish maqsadida ataylab zarbalar berishda ayblagan.

“Bu jirkanch hujum BMT Bosh Assambleyasi haftaligi yakuni arafasida sodir bo‘ldi va Rossiya o‘zining haqiqiy pozitsiyasini aynan shunday namoyish etmoqda. Moskva urushni va qotillikni davom ettirishni istaydi va u dunyoning eng qattiq bosimiga loyiqdir”, deb hisoblaydi Ukraina rahbari.

​

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko sodir bo‘lgan voqeani “terrorchi davlat — Rossiya harbiy jinoyatining yorqin namunasi” deb baholagan. Ukraina ittifoqchilarni Moskvaga faol bosim o‘tkazishga, jumladan, moliyaviy bosim ko‘rsatishga chaqirgan. 

“Tinchlikni istagan har bir kishi prezident Trampning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va har qanday Rossiya importini to‘xtatishi kerak. Qat’iy choralar ko‘rish vaqti allaqachon kelgan”, dedi Zelenskiy.

​

Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘z telegram kanalida “Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida foydalanilayotgan Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga, shuningdek, harbiy aerodromlar infratuzilmasiga ommaviy zarba” berilganini da’vo qilgan. Ukraina tomonining xabar qilishicha, hujum jami 12 soat davom etgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar