Daryo

Putin Rossiya 2025-yilda Ukrainaning qariyb 1 foiz hududini egallaganini tan oldi

Zelenskiy avvalroq rus armiyasining oldinga siljishi sekinlashganini aytgandi. Shuningdek, Rossiya Donbassni to‘liq bosib olishi uchun ularga yana 4 yil kerak bo‘lishini ta’kidlagan.

2 daqiqa o‘qish2 542 ko‘rishlar0 izoh4

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Rossiya qo‘shinlarining oldinga siljishi sekinlashganini tan oldi. U bu haqda 7-oktyabr kuni Mudofaa vazirligi va Bosh shtab rahbariyati bilan uchrashuvda gapirdi.

Putinning aytishicha, 2025-yil boshidan beri Rossiya qo‘shinlari “deyarli besh ming kvadrat kilometr hududni — 4 900 ta va 212 ta aholi punktini” egallab olgan. Ukrainaning Deep State OSINT loyihasi ham avgust oyida shunga o‘xshash raqamlarni e’lon qilgan edi.

Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Rossiyaning eng katta yutug‘i 108 651 kv km hududni egallash boʻldi.

“Biroq 2022-yil 12-noyabrdan (o‘sha paytda Rossiya qo‘shinlari ilgari bosib olingan Xersonni tark etgan) 2025-yil 17-avgustgacha Rossiya kuchlari atigi 5 842 kvadrat kilometr — mamlakat hududining 0,97 foizini egallab oldi”, deya ta’kidladi Deep State.

​
Putin egallanganidan ko‘ra ko‘proq hudud talab qilmoqda

Putin tilga olgan 4 900 kv km hudud Donetsk (26 517 kv km) va Lugansk (27 183 kv km) viloyatlarining maydoniga nisbatan bir necha baravar kichik. Shunga qaramay, Kreml rahbari avgust oyida Kiyevdan Ukraina qo‘shinlarini Donbassdagi o‘zlari nazorat qilayotgan hududlardan olib chiqishni talab qilgan edi. Bu tinchlik muzokaralari uchun asos sifatida ko‘rsatilgan.

2025-yil avgust oxirida Donetsk viloyatining qariyb 30 foizi — ya’ni 8 ming kv km dan kam maydon Ukraina qurolli kuchlari nazoratida boʻlgan. Putin birgina shu yo‘nalishda Rossiya kuchlari yil boshidan beri egallaganidan koʻra ko‘proq hududni jangsiz topshirishni talab qilmoqda.

Zelenskiy Rossiyaning 1 foiz hududni egallagani haqida

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Putinning Donbassni topshirish talablari fonida, Rossiya armiyasining harakatlarida sezilarli yutuqlar yo‘qligini ta’kidladi.

“To‘rt yilga yaqin davom etgan keng ko‘lamli urush mobaynida ular Donetsk viloyatining uchdan bir qismini bosib oldi. Shuning uchun men yil oxirigacha ular bizning Donbassni bosib olishi haqidagi gaplar shunchaki quruq safsata ekanini tushuntirdim. Ya’ni bizning Donbassni to‘liq bosib olish uchun ularga yana to‘rt yil kerak bo‘ladi”, deya izoh berdi Ukraina rahbari.

​

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya Sumi va Xarkov viloyatlarida muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Ukraina prezidenti oxir-oqibat Ukraina Qurolli kuchlari dushmanni bu hududlardan siqib chiqarishga erishishini va’da qildi.

“Masalan, ming kun davomida hududimizning atigi 1 foizigacha qismi ruslar tomonidan bosib olingani haqida aniq ma’lumotlar bor. Odamlar 20 foiz yoki 18 foiz deb o‘ylaydi, aslida esa gap 1 foizdan ham kamroq haqida ketmoqda. Bu esa vaziyatga bo‘lgan qarashni biroz o‘zgartiradi”, deya tushuntirgandi Zelenskiy avgust oyida Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar