Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni kengaytirib, Yevropaning boshqa mamlakatiga hujum qilishi mumkin. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy nutqiga tayanib, The Guardian xabar berdi.
Zelenskiy NATO mudofaasini sinab ko‘rish maqsadida Rossiya Yevropaga dronlar uchirayotganini aytdi. Bu bilan Rossiya kattaroq urushga tayyorlanayotganini prognoz qildi.
“Putin Ukrainadagi urushini tugatishni kutib o‘tirmaydi. U boshqa yo‘nalishda front ochadi. Qayerdaligini hech kim bilmaydi. U shuni istaydi”, dedi Zelenskiy.
Prezidentning aytishicha, Rossiya Yevropa osmonini himoya qilish qobiliyatini ataylab tekshirmoqda. Buni so‘nggi kunlarda Daniya, Polsha va Ruminiya hududida aniqlangan rus dronlari tasdiqlaydi. Shuningdek, Rossiya qiruvchi samolyotlari Estoniya havo hududiga ham buzib kirgan.
26-sentyabr kuni kechasi Daniyadagi harbiy baza ustida, 27-sentyabr kuni esa Norvegiyadagi baza ustida dronlar parvozi qayd etilgan. Zelenskiy Yevropa Ittifoqi davlatlari bu yangi va xavfli tahdidga qarshi kurashishda qiynalayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oy boshida Ukraina Polsha tomon uchgan 92 ta dronni aniqlagan, ularning ko‘pini urib tushirgan. 19 tasi Polsha hududiga o‘tib ketgan va Varshava esa ularning 4 tasini yo‘q qilgan.
“Men kuchlarimizni taqqoslayotganim yo‘q. Biz urushdamiz va ular (Polsha) urushmayapti”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiy Rossiya havo hujumlarini qanday qaytarish bo‘yicha “amaliy mashg‘ulotlar” olish uchun Ukrainaga nomi oshkor etilmagan bir qator davlatlar vakillari borishini aytdi.
“Biz o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz”, dedi siyosatchi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u BMT bosh assambleyasi doirasida Tramp bilan “juda yaxshi” muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvdan so‘ng AQSH prezidenti Ukraina Yevropa va NATO ko‘magida 2022-yildan beri yo‘qotgan barcha hududlarini qaytarib olishiga ishonishini aytgan. So‘nggi oylarda Kiyev Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga mahalliy ishlab chiqarilgan uzoq masofali dronlar bilan bir qator muvaffaqiyatli zarbalar berdi.
“Agar Kreml bu qishda yana Ukraina energetika infratuzilmasini vayron qilishga urinsa, Rossiya poytaxti qorong‘ilikka botadi”, dedi Vladimir Zelenskiy.








