AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiyani Rossiyadan energiya resurslari importini kamaytirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Anqara F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olishni istasa, AQSHning maqsadlariga hurmat bilan yondashishi kerak. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Tramp Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashuvni F-35 masalasidagi hal qiluvchi bosqich deb atagan. Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Turkiyaning Lockheed Martin Corp kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan F-35 samolyotlarini xarid qilish dasturiga qaytishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, Tramp Erdo‘g‘onni Ukrainadagi urushni tugatish uchun Rossiyaga ko‘proq bosim o‘tkazishga chaqirgan.
AQSH hamkorlarini Rossiya neftini sotib olmaslikka undamoqda. Tramp bu orqali Moskvaning urushni moliyalashtirish imkoniyatini cheklashni maqsad qilmoqda.
Trampning aytishicha, turk rahbari Vladimir Putinni urushni tugatishga ko‘ndira olishi mumkin, chunki Erdo‘g‘on ham Rossiyada, ham Ukrainada hurmat qilinadi. U yana bir bor Moskvaga bosim o‘tkazishning eng yaxshi yo‘li energiya resurslarini sotib olmaslik ekanini qayd etgan.“Men ishonaman, Erdo‘g‘on Rossiya gazini sotib olishni to‘xtatadi. Erdo‘g‘on to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi”, degan Amerika prezidenti.
Bloomberg’ning yozishicha, Erdo‘g‘onda AQSH bilan murosaga borish uchun sabablar yetarli. U mudofaa, aviatsiya va energetika sohalarida Amerika bilan hamkorlik qilishga intilgan. Turk siyosatchisi bu orqali Vashington bilan munosabatlarni yaxshilashni umid qilmoqda.“Menimcha, Erdo‘g‘on xohlasa, urushning borishiga ta’sir o‘tkaza oladi. Hozir u betaraf pozitsiyada turibdi. U betaraf bo‘lishni yoqtiradi. Men ham betaraflikni xohlayman. Ammo Erdo‘g‘onning aralashishi mumkin bo‘lgan eng muhim ish — Rossiyadan neft va gaz sotib olmaslik bo‘lardi”, degan AQSH rahbari.
Rossiya esa Turkiyaning eng katta energiya yetkazib beruvchisi hisoblanadi. 2024-yilda turklar neftning 66 foizini, gazning esa 41 foizini Moskvadan sotib olgan.
Turkiya 2020-yilda Rossiyaning “S-400” raketa tizimini xarid qilgan edi. Shundan so‘ng AQSH Anqaraga F-35 samolyotlarini sotishga sanksiya qo‘ydi. Amerikaliklar Turkiya samolyotning texnik ma’lumotlarini Kremlga berishidan xavotirlanib, shunday qarorga kelgan. Biroq Erdo‘g‘on ma’muriyati orqaga chekinmadi va 2024-yilda KAAN nomli beshinchi avlod qiruvchi samolyotining loyihasini ommaga taqdim etdi.








