Daryo

Yevrokomissiya rahbari Makron bilan maxfiy yozishmalarda ayblanmoqda

Yevropa ombudsmani Yevropa Ittifoqining XEA bilan kelishuvi bo‘yicha maxfiy yozishmalarini tekshirishni boshlagan.

1 daqiqa o‘qish1 478 ko‘rishlar0 izoh0

Yevropada Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning yo‘qolgan yozishmalari yuzasidan tergov boshlandi. Bu haqda Vengriyadan Yevropa parlamentga saylangan deputat Kinga Gal (Fides partiyasi) X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.

“Ursula fon der Lyayen atrofida navbatdagi SMS mojarosi alangalanmoqda. Yevropa ombudsmani uning Yevropa Ittifoqi va MERKOSUR o‘rtasidagi bitim bo‘yicha prezident Makron bilan maxfiy yozishmalarini tekshirishni boshladi. Pfizergate bilan bog‘liq janjalda bo‘lgani kabi, bu xabarlar ham g‘oyib bo‘lgan”, deb ta’kidladi siyosatchi.

​Galning fikricha, bu holat Yevrokomissiya faoliyatining shaffof emasligini yana bir bor ko‘rsatgan.

“Bizga maxfiy muzokaralar va yo‘qolib borayotgan xabarlar emas, balki Yevropa Ittifoqi muassasalarida haqiqiy shaffoflik kerak”, deya urg‘uladi deputat.

​2023-yilda The New York Times gazetasi Yevrokomissiya rahbarini 2021-yilda Pfizer kompaniyasi boshqaruvchisi Albert Burla bilan 2021-2023-yillar uchun Yevropa Ittifoqiga vaksina xarid qilish bo‘yicha shartnomalar shartlarini kelishib olgani haqidagi xabarlarni e’lon qilishni asossiz rad etganlikda ayblagandi. Jurnalistlar yozishmalarda ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar mavjudligini ta’kidlashgan. Yevrokomissiya so‘ralgan hujjatlar yo‘qligini aytib, so‘rovni rad etgan, shundan so‘ng tahririyat sudga murojaat qilgan.

May oyida Yevropa adliya sudi da’voni qanoatlantirdi. Qarorga ko‘ra, Yevrokomissiya “hujjatlar yo‘qligini oqlaydigan ishonchli tushuntirish bermagan”, shuningdek, so‘ralgan matnli xabarlar o‘chirilgan-o‘chirilmaganini va agar o‘chirilgan bo‘lsa, bu ataylab yoki avtomatik tarzda amalga oshirilganini aniqlashtirmagan.

Sud qarori Yevroparlamentda Yevrokomissiya rahbarining iste’fosi masalasida ovoz berishga sabab bo‘lgan. Fon der Lyayenga ishonchsizlik votumi bildirish uchun 175 yevrodeputat ovoz bergan. Bu esa talab qilingan ovozlarning uchdan ikki qismidan ancha kam edi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar