Yaman husiylari 24-sentyabr kuni Isroil janubiga dronlar bilan hujum qildi. Oqibatda kamida 22 kishi jarohatlandi, ikki nafarining ahvoli og‘ir. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.
Dronlar Eylat shahriga uchirilgan, ular mehmonxona yaqinida, shaharning savdo tumanida portlagan. Ogohlantiruvchi sirenalar “protokolga muvofiq” ishga tushirilgan. Isroil harbiylari aviatexnikalarni “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi yordamida tutib ololmagan.
Yaradorlarning aksariyati siniqlardan jarohat olgan. Isroil harbiy-havo kuchlari og‘ir yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun Beer-Shev shahridagi tibbiyot markaziga vertolyot yuborgan. Qolganlar mahalliy shifoxonada davolanmoqda.
“Isroil shaharlariga qilingan har qanday hujum qattiq va og‘riqli zarba bilan qarshi olinadi, bu o‘tmishda allaqachon isbotlangan”, degan bosh vazir Binyamin Netanyaxu.
7-sentyabr kuni Eylat yaqinidagi Ramon aeroportiga husiylar tomonidan uchirilgan dron hujumi oqibatida ikki kishi jarohatlangan edi. Bungacha Isroil harbiylari Yamandan uchayotgan uchta dronni tutib olgan.
Avgust oyi oxirida Isroil Sana shahriga havo hujumi uyushtirdi, oqibatda Yaman husiylar hukumati bosh vaziri Ahmad G‘olib ar-Rahoviy va yana bir necha kishi halok bo‘ldi. Keyinroq “Ansor Alloh” harakati Oliy siyosiy kengashi rahbari Mahdiy al-Mashat yahudiy davlatini “qora kunlar” kutayotganidan ogohlantirgandi.








