Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar harakati bosh vaziri Ahmad G‘olib Nosir Ar-Rahaviy Isroilning Yamanga shu haftada uyushtirgan havo hujumi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Bu haqda harakat vakillari 30-avgust kuni bayonot berdi.
Husiylar G‘azo urushi davomida Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lgan eng yuqori martabali amaldor aynan Ar-Rahaviy bo‘lganini aytmoqda. U 2024-yilda bosh vazir lavozimiga tayinlangan edi.
“Xoin va jinoyatchi Isroil Ahmad G‘olib Nosir ar-Rahaviy va bir qancha vazirlik amaldorlarini nishonga olib, shahid qildi”, deyiladi guruh bayonotida.
Bayonotda, shuningdek, yana bir nechta amaldorlar turli darajadagi tan jarohati olib, hozirda davolanayotgani bildirilgan. Yahudiy armiyasi 28-avgust kuni husiylar nazoratidagi Sana shahrida “terrorchi rejimga qarashli harbiy nishonni” yo‘q qilganini tasdiqlagan.
Husiylar G‘azoda urush boshlanganidan beri Isroilga qarshi raketa va dron hujumlari uyushtirib kelmoqda. Harakat Qizil dengiz va Aden ko‘rfazida Isroilga aloqador deb hisoblagan kemalarga ham bir necha bor hujum qilgan. Bunga javoban, yahudiy davlati ham jim qolayotgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, husiylar Yaman hududining katta qismini nazorat qiladi va Eron boshchiligidagi Isroilga qarshi mintaqaviy ittifoqning bir qismidir. Yamanda esa 2014-yildan beri fuqarolar urushi davom etmoqda.








