Daniyaning Olborg aeroporti hududida noma’lum dronlar aniqlangani sabab havo bandargohi vaqtincha yopildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Aalborg aeroporti nafaqat fuqarolik, balki harbiy aviatsiya uchun ham muhim hisoblanadi. Politsiya holat yuzasidan surishtiruv boshlab yuborgan, biroq dronlarning egasi va ularning maqsadi hali aniqlanmagan. Rasmiylar zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa, uchuvchisiz qurilmalarni urib tushirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Vaziyat tufayli kamida 3 ta reys boshqa shaharlarga – Kopengagen va Karupga yo‘naltirilgan. Mahalliy aholidan xavfsizlik nuqtai nazaridan aeroport atrofidagi hududdan uzoqlashish so‘ralgan. Ayni vaqtda Daniyaning janubiy qismida joylashgan Esbjerg, Sanderborg va Skrydstrup aeroportlarida ham dronlar kuzatilgan, biroq bu aeroportlar faoliyatini davom ettirmoqda. Politsiya barcha holatlar jiddiy nazorat ostida ekanini bildirgan.
Bu voqealar ortidan Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen chiqish qilib, dronlar bilan bog‘liq hodisalarni “mamlakat infratuzilmasiga qilingan eng jiddiy hujumlardan biri” deb atagan. U, shuningdek, bu kabi holatlar zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qanday tayyor turish kerakligini ko‘rsatib berayotganini ta’kidlamoqda.
Rasmiylar dronlar harakati ortida kim turganini aniqlashga harakat qilmoqda. Rossiya aralashuvi ehtimoli rad etilmayapti. Kreml bu kabi ayblovlarni “asossiz” deb atamoqda. Daniyada bunday holatlar birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Joriy haftaning boshida poytaxt Kopengagen (Kastrup) aeroporti ham dron sabab bir necha soatga yopilgan edi.
So‘nggi kunlarda Yevropa davlatlari Rossiyaning havo hududlarini buzayotganidan shikoyat qilmoqda. Xususan, o‘tgan haftada Estoniya, Polsha va Ruminiya hududida ham shunga o‘xshash holatlar yuz bergan. NATO esa bu harakatlarni keskin qoralab, o‘zini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qilgan.








